AQSH JARdan BRICS’dan chiqishni talab qildi

Olam

image

AQSH ma’muriyati Janubiy Afrika Respublikasiga (JAR) bir qator talablar qo‘ydi, ular orasida BRICS tarkibidan chiqish ham bor. Bu haqda kecha, 10 mart kuni AQSHning JARdagi elchisi Leo Brent Bozell ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buni Prezident Donald Tramp talab qilmoqda.

“U: “Men JARning yana qo‘shilmaslik harakati (neytral) mamlakati bo‘lishini xohlayman”, deb aytdi. Qo‘shilmaslik – bu unchalik katta so‘rov emas”, deydi diplomat.

Bozellning aytishicha, Vashington bu haqda JAR hukumatini deyarli bir yil oldin ogohlantirgan, biroq javob olmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSHning “sabr-kosasi to‘lmoqda” va sukut saqlash “atayin qilingan siyosiy pozitsiya”dek ko‘rinmoqda.

Elchi JARning AQSH raqiblari bilan o‘sib borayotgan hamkorligi investorlar ishonchiga salbiy ta’sir qilayotganini aytgan. U AQSH JARning yirik savdo hamkori ekanini, mamlakatda 500 dan ortiq Amerika kompaniyasi faoliyat yuritib, 250 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlayotganini eslatib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, JAR va Tramp ma’muriyati o‘rtasidagi munosabatlar ancha keskin. Tramp JAR hukumatini oq tanli fermerlarni ta’qib qilishda ayblagan va mamlakatni AQSHda o‘tadigan navbatdagi G20 sammitiga taklif qilmagandi.

2026 yil yanvar oyida JAR Amerika bozoriga imtiyozli kirish huquqini (AGOA) yo‘qotib qo‘ymaslik uchun Erondan Keyptaun yaqinidagi BRICS o‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etmaslikni va harbiy kemalarini olib chiqib ketishni so‘ragan edi. Tehron bunga rozi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, BRICS 2006 yilda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan. 2024 yil boshida yangi davlatlarning qo‘shilishi bilan birlashma BRICS+ deb atala boshlandi. Tashkilotga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Afrika Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston esa tashkilotda hamkor davlat sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tashkilotning asosiy maqsadi jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega davlatlarni birlashtirish, ularning jahon sahnasidagi rolini kuchaytirish, siyosatni muvofiqlashtirish va global boshqaruvning muqobil mexanizmlarini yaratishdan iborat. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BRICS davlatlari tomonidan “bir tomonlama tarif va notarif choralari” tanqid qilingan bir paytda, Donald Tramp ushbu tashkilotning “antiamerikancha siyosatini” qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlarga qo‘shimcha boj joriy etish bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh JAR BRICS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing