AQSH, Yaponiya va Koreya KXDRni yadroviy qurolsizlantirish maqsadida kuchlarni birlashtirmoqchi

Olam

image

Kelasi hafta Vashingtonda Koreya Respublikasi, AQSH va Yaponiya diplomatlari uch tomonlama uchrashuv o‘tkazib, Koreya Xalq Demokratik Respublikasini yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralar stoliga qaytarish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muhokama qiladi. Bu haqda Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.  

Unga ko‘ra, Koreya yarimorolidagi tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha maxsus vakil No Gyu Dok hamda uning amerikalik va yaponiyalik hamkasblari Son Kim hamda Takexiro Funakosi 19 oktyabr kuni uch tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, ulardan oldin bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Kun tartibiga Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning 1950-1953 yillardagi Koreya urushini rasman tugatadigan hujjatga imzo chekish zarurligi haqidagi yaqinda kiritilgan taklifi ham kiritilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar KXDRga gumanitar yordam ko‘rsatish choralarini muhokama qilishi mumkin.

Maxsus vakillarning avvalgi uch tomonlama maslahatlashuvi o‘tgan oy Tokioda bo‘lib o‘tgan. Ular Pxenyanning muloqotga qaytishining turli variantlarini, shu jumladan uni gumanitar yordam bilan ta’minlash imkoniyatlarini muhokama qilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In va KXDR yetakchisi Kim Chen Inning 2018 yil aprelda bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvi nafaqat Shimoliy va Janubiy Koreya, balki Pxenyan hamda Vashington o‘rtasida ham yuqori darajadagi aloqalarga olib kelgan. Biroq, 2019 yil fevral oyida Xanoyda bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng, tinchlik jarayoni to‘xtab qolgan, Kim Chen In va o‘sha paytdagi AQSH Prezidenti Donald Tramp Koreya yarimorolini yadrosizlantirishning asosiy masalalari bo‘yicha kelisha olmagan. So‘ng KXDR tashabbusi bilan koreyalararo almashinuv va muloqot ham to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaponiya KXDR

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing