AQSH Yamandagi turarjoy hududiga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
09 aprel 3261 2 daqiqa
Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiylari AQSHning Yaman g‘arbidagi Xodeyda shahridagi turarjoy hududiga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni olti nafarga yetganini, 16 nafari yaralanganini ma’lum qildi. Bu haqda husiylar nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi,
Qayd etilishicha, hujum Hodeyda shahriga qarashli al-Hevak tumanidagi Emin Muqbil hududini nishonga olgan.
Shuningdek, hujum qilingan hududda vayronalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritildi. Tibbiyot va qutqaruv xizmatlari qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda.
Husiylar harakatining harbiy vakili Yahyo Sariyaning ma’lum qilishicha, ular Al-Javf viloyatida AQSHning MQ-9 Reaper razvedka va hujumchi uchuvchisiz uchog‘ini urib tushirgan.
“Havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz mahalliy ishlab chiqarilgan raketa yordamida Al-Javf viloyati havo hududida dushmanlik missiyalarini bajarayotgan AQSHning MQ-9 Reaper uchuvchisiz samolyotini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi, deydi u.
Sariyaning ma’lumotlariga ko‘ra, bu oxirgi 10 kun ichida husiylar tomonidan Yaman havo hududida yo‘q qilingan uchinchi MQ-9 Reaper. Harakat vakilining so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilning oktyabrida Yaqin Sharqda mojaro avj olganidan beri Yaman husiylari Amerikaning shu turdagi 18 ta uchuvchisiz samolyotini urib tushirgan. Kongress tadqiqot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, har bir shunday qurilma taxminan 30 million dollar turadi.
Yamanga havo hujumlari
7 mart kuni husiylar Isroilga insonparvarlik yordamining G‘azoga kirishiga ruxsat berish uchun to‘rt kun muhlat berishlarini e’lon qilib, aks holda, Isroilga qarshi dengiz amaliyotlarini qayta boshlash bilan tahdid qildi.
15 mart kuni esa AQSHning Prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasidagi bayonotida harbiylarga Yamandagi husiylarga qarshi “keng miqyosdagi zarba” berishni buyurganini e’lon qildi.
Bunga javoban husiyiylar yetakchisi Abdelmalik al-Husiy hujumlar davom etsa, Amerika samolyotlari va jangovar kemalari nishonga olinishini va dengiz blokadalari AQSHga qadar uzaytirilishini aytdi.