AQSH Venesueladagi neft konlarini 100 yilga ijaraga olmoqchi
Olam
−
16:39 443 2 daqiqa
Venesuela AQSH bilan yirik neft konlarini 100 yilgacha ijaraga berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSH va Venesuela o‘rtasida kelishuvga erishish jarayoni yakuniga yaqinlashgan. Biroq bu Venesueladagi barcha neft konlari haqida emas. Dastlabki taklifga ko‘ra, qariyb 10 ta kon AQSH nazoratiga o‘tishi mumkin. Ushbu konlarda jami 90 milliard barrelga yaqin neft zaxirasi mavjud.
Manbalarga ko‘ra, mazkur konlarning ayrimlari avval Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga yaqin shaxslar tomonidan nazorat qilingan yoki Xitoy kompaniyalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Hozircha muzokaralar yakunlanmagan. Taklif qilinayotgan shartlar o‘zgarishi yoki umuman boshqa ko‘rinishga kelishi mumkin.
Agar kelishuv amalga oshsa, bu AQSHning boshqa davlat iqtisodiyotiga aralashuvining misli ko‘rilmagan shakllaridan biri bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining G‘arbiy yarimsharda AQSH ta’sirini kengaytirishga qaratilgan siyosatiga mos keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida Nikolas Maduro AQSH maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng, Vashington va Venesuelaning yangi hukumati o‘rtasida tabiiy resurslardan foydalanish imkonini beruvchi bir qator kelishuvlar tuzilgan.
May oyida AQSH Venesueladagi RV-1 tadqiqot reaktorida ishlab chiqarilgan boyitilgan uranning barchasini mamlakatdan olib chiqqani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, Tramp Venesuelaning yangi hukumatini oltin va boshqa foydali qazilmalarni sotishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuv evaziga tan olishini bildirgan.
Bundan tashqari, hokimiyat almashganidan keyin AQSH Venesuela nefti eksporti ustidan nazoratni kuchaytirgan. Dastlab neft savdosidan tushgan mablag‘larning barchasi Karakas ixtiyorida qolishi aytilgan. Biroq Tramp ma’muriyati yil boshidan buyon ushbu savdolardan 13 milliard dollardan ortiq mablag‘ olgani aytilmoqda. Mablag‘larning bir qismi qayerga yo‘naltirilgani esa hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelaning muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges AQSH hukumatidan mamlakati iqtisodiyotiga zarar yetkazayotgan sanksiyalarni butunlay olib tashlashni so‘ragandi.
Live
Barchasi