AQSH vayron bo‘lgan Afg‘onistonga $55 mln dollarlik yordam ko‘rsatmoqchi
Olam
−
28 iyun 2022
5913Amerika Qo‘shma Shtatlari vayronkor zilziladan jabr ko‘rgan afg‘on xalqiga taxminan 55 million dollar miqdorida gumanitar yordam ko‘rsatadi. Bu haqda mamlakat Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi, deya xabar berdi TASS.
“Qo‘shma Shtatlar AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rganlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatish uchun 55 million dollarga yaqin qo‘shimcha shoshilinch insonparvarlik yordami ajratadi”, deydi Davlat kotibi.
Xabarda aytilishicha, Afg‘oniston fuqarolariga e’lon qilingan yordam doirasida eng zarur buyumlar: ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechak, quyosh lampalari, suv yig‘ish va saqlash uchun kanistrlar, idish-tovoqlar yuboriladi. Bundan tashqari, zarar ko‘rgan viloyatlardagi odamlarga suv va gigiyena vositalari beriladi.
Mamlakat Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, 22 iyun kuni AQSH yetakchisi Jo Bayden USAID va boshqa idoralarga Afg‘onistondagi zilzila munosabati bilan AQSH qanday yordam ko‘rsatishi mumkinligini o‘rganishni topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi.
Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida avvaliga 255 kishi halok bo‘lgani, kamida 150 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi. Keyinchalik esa qurbonlar soni 2000 nafardan ortib ketdi.
Mamlakatni boshqarayotgan "Tolibon" harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzilaga munosabat bildirib, rasmiy Toshkent Afg‘onistonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi.
Shuningdek, “Tolibon” Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 1 milliard afg‘oni (taxminan 11 million dollar) ajratishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi