AQSH vakili Nigerga bordi. U vaziyatni o‘zgartira oladimi?

Olam

image

AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga tashrif buyurib, mamlakat Prezidentini hokimiyatdan chetlatgan isyonchilar vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Uning ma’lum qilishicha, harbiylar uning hokimiyatdan ag‘darilgan Prezident Muhammad Bazum bilan uchrashishini rad etgan.

Shuningdek, unga “Vatanni qutqarish milliy kengashi”ni boshqargan general Abdurahmon Chiani bilan uchrashish ham rad etilgan. Nulandning asosiy suhbatdoshi Nigerning yangi Mudofaa vaziri bo‘lgan.

Nulandning aytishicha, u harbiylarga bir nechta variantni bergan. Agar Niger Bazum hokimiyatini tiklamasa yoki “Vagner” yollanma askarlari bilan hamkorlik qilib, qo‘shni Malining yo‘lidan bormasa, AQSH bilan munosabatlariga putur yetishini ham ma’lum qilgan.

“Umid qilamanki, ular diplomatiya uchun eshikni ochiq tutishadi. Biz shunday taklif bilan chiqdik. Isyonchilar Vagnerning taklifini qabul qilsa, davlat suvereniteti uchun katta xavf tug‘ilishini yaxshi biladi”, deydi Viktoriya Nuland.

Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ag‘darilgan prezidentga isyonchilarga qarshi kurashda va boshqa vazifalarni bajarishda yordam bergan mingga yaqin AQSH harbiylari bor. Hozircha ularni mamlakatdan olib chiqish bo‘yicha rejalar yo‘q, biroq davlat to‘ntarishidan keyingi ba’zi faoliyatlari cheklangan.

Nigerdagi davlat to‘ntarishi 

Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni Prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.

Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari, deb e’lon qildi. U to‘ntarishni korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohlagan.

Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan. Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, Nigerning hokimiyatdan chetlatilgan Prezidenti Muhammad Bazum esa AQSH va jahon hamjamiyatiga mamlakatda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashga yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.

Joriy yilning 30 iyul kuni G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) a’zolari Abujadagi sammitda Nigerdagi davlat to‘ntarishini qoralagan va isyonchilarga konstitutsiyaviy boshqaruvni tiklash uchun bir hafta muhlat bergandi. Agar talab bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilingandi. Keyinchalik Nigerning Parijdagi elchisi ECOWAS’ga a’zo davlatlar Nigerda harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Niger Muhammad Bazum Nuland

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing