AQSH va Janubiy Koreya yirik harbiy qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi
Olam
−
06 may 2023
4619Janubiy Koreya va AQSH Koreya yarim orolida beshta harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi. Mashqlar 25 maydan 15 iyungacha bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Janubiy Koreya mudofaa vazirligiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, mashg‘ulotlarda ilg‘or qurol tizimlari, jumladan F-35A yashirin qiruvchi samolyotlari, AH-64 Apache hujum vertolyotlari, K2 tanklari va Chunmoo raketa uchiruvchi tizimlari ishtirok etadi. Mashg‘ulotlar Seuldan 52 km uzoqlikdagi Pocheon shahridagi Seungjin poligonida bo‘lib o‘tadi.
Mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, mashg‘ulotlar Janubiy Koreya-Amerika ittifoqining 70 yilligi va Janubiy Koreya qurolli kuchlari tashkil etilganining 75 yilligiga to‘g‘ri keladi. Bunday yirik mashg‘ulotlar oxirgi marta 2017 yilda bo‘lib o‘tgan. Ularda Amerika va Janubiy Koreyaning 48 ta bo‘linmasi hamda 2000 dan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Vashingtonda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashgan edi. Yun Suk Yolning aytishicha, Seul Pxenyandan yadroviy hujum sodir bo‘lgan taqdirda Vashington bilan ittifoqning to‘liq quvvatidan, jumladan, Amerika yadro qurolidan ham foydalanadi. AQSH ma’muriyati yadro qurolini Koreya yarim oroliga qayta joylashtirish niyatida emasligini bildirdi. Biroq may oyida AQSH Janubiy Koreyaga “Ogayo” toifasidagi yadroviy suv osti kemasini yuborishi ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi