AQSH va Janubiy Koreya KXDRni sun’iy yo‘ldosh uchirishdan voz kechishga chaqirdi
Olam
−
09 noyabr 2023
4878Koreya Respublikasi va AQSH rasmiylari Shimoliy Koreyani birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish rejalaridan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Pak Chin Seulda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralari yakunida ma’lum qildi.
“Biz shimoldan provokatsiyalarni, jumladan sun’iy yo‘ldosh uchirishni zudlik bilan to‘xtatishni qat’iy talab qilamiz”, degan Pak Chin matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya to‘xtatib turish choralarini kuchaytirish uchun yaqindan hamkorlik qilishda davom etadi. Bu Vashington o‘z ittifoqchisini himoya qilish uchun barcha vositalarni, shu jumladan yadroviy vositalarni ham qo‘llashga tayyorligini anglatadi.
"Shimoliy Koreyaning har qanday provokatsiyasiga javob hal qiluvchi bo‘ladi", deya qo‘shimcha qilgan Pak Chin.
Vazirning aytishicha, Janubiy Koreyada Amerika atom suvosti kemasining paydo bo‘lishi va mamlakat hududiga AQSH harbiy-havo kuchlarining B-52 strategik bombardimonchi samolyotining birinchi marta qo‘ndirilishi Seul va Vashington ittifoqidan Pxenyanga “kuchli signal”dir.
Shuningdek, Janubiy Koreya TIV rahbari xalqaro hamjamiyat KXDR uchun yadroviy davlat maqomini hech qachon tan olmasligini qo‘shimcha qilgan.
“Koreya Respublikasi va AQSH Shimoliy Koreyani yadro quroli va raketalarini ishlab chiqishdan voz kechishga ko‘ndirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettiradi”, deya xulosa qildi Pak Chin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may va avgust oylarida Shimoliy Koreya mamlakatning birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga ikki marta muvaffaqiyatsiz uringan. Respublika hukumati oktyabr oyida uchinchi urinish qilish niyatini bildirgan, ammo bu amalga oshmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tokioda uchrashgan G7 TIV rahbarlari Shimoliy Koreyani Rossiyaga qurol-yarog‘ o‘tkazayotganlikda ayblagandi.
LiveBarchasi