AQSH va YeI Rossiyaga bosimni davom ettiradi
Olam
−
29 yanvar 4027 2 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas telefon orqali suhbatlashib, Rossiyaga maksimal bosimni saqlab qolish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
AQSH Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, Davlat kotibi transatlantik xavfsizlikni mustahkamlash, Yevropani mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirish, shuningdek, Xitoydan kelayotgan tahdidlarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, tomonlar AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalasini muhokama qilgan.
Shuningdek, Kaya Kallas yaxshi suhbat bo‘lib o‘tganini ta’kidlagan. U X ijtimoiy tarmog‘ida Davlat kotibi bilan Rossiya-Ukraina mojarosi, Eronning zararli ta’siri va Xitoydan kelayotgan tahdidlar kabi global masalalarni muhokama qilganini yozgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar oyi o‘rtalarida Marko Rubio sanksiyalar va ularni bekor qilish Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralarda muhim rol o‘ynashi mumkinligini aytgandi. Unga ko‘ra, hozirgi kunda sanksiyalar harbiy imkoniyatlardan tashqarida turgan bosim vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
“O‘ta murakkab vaziyatda agar tomonlarning hech biri bosim vositasiga ega bo‘lmasa, sulh yoki tinchlik kelishuviga erishish qiyin bo‘ladi”, deya tushuntirgan Rubio.
Kaya Kallas ham Rossiyaga qarshi cheklovlar mojaroni hal qilishgacha olib tashlanmasligini aytgan.
“Qanday muzokaralar bo‘lishidan qat’i nazar agar sanksiyalarni erta bekor qilsak, biz ancha zaif holatda qolamiz”, deya ta’kidlagan u.
Rossiya esa G‘arb sanksiyalarini bekor qilishni talab qilmoqda. Moskva ushbu cheklovlarni samarasiz va noqonuniy deb hisoblaydi. Kreml ilgari ham sanksiyalar Rossiya siyosatiga ta’sir ko‘rsatmasligini, ammo cheklovlarni joriy qilgan davlatlar o‘zlari zarar ko‘rishini qayd etgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Rossiya kelishuvdan bosh tortsa, sanksiyalarni yanada kuchaytirish bilan tahdid qilgan. Kreml esa Trampning bayonotlarini kuzatayotganini bildirgan, ammo uning so‘zlarida yangi hech narsa yo‘qligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati Rossiyaning energetika sektorini nishonga olgan yangi va jiddiy sanksiyalar paketini joriy etgan edi. Bu sanksiyalar Rossiya nefti va suyultirilgan tabiiy gaziga qaratilgan bo‘lib, AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden va G7 yetakchilari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bir qismi sifatida Kremlga Ukrainadagi inqirozni davom ettirgani uchun qo‘shimcha iqtisodiy xarajatlar yuklashni ko‘zlangan.
Live
Barchasi