AQSH va YeI Gruziyadagi saylovlardagi firibgarliklarni tergov qilishga chaqirmoqda

Olam

image

AQSH Gruziyadagi parlament saylovlarida aniqlangan qonunbuzarliklar va saylov jarayoniga da’vo qilingan aralashishlarni tergov qilishga chaqirdi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken 27 oktyabr kuni Vashingtonda so‘z ochdi.

“Biz xalqaro me’yorlarning barcha buzilishini qoralaymiz hamda xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarning har tomonlama tekshirish zarurligi haqidagi chaqiriqlariga qo‘shilamiz”, dedi Blinken.

U xalqaro va gruziyalik kuzatuvchilarning ovozlarni sotib olish va qo‘rqitishga oid hisobotlarini keltirdi.

Yevropa Ittifoqi ham Gruziyadagi saylovlar vaqtidagi qonunbuzarliklar yuzasidan “tezkor, shaffof va mustaqil tergov” o‘tkazish zarurligini bildirgan edi.

"Qonunbuzarliklarga oydinlik kiritish va tuzatish kerak. Bu qadam saylov jarayoniga ishonchni tiklash uchun zarur", deydi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrel.

Bayonotda ta’kidlanishicha, so‘nggi oylarda Gruziya xalqi “demokratik qadriyatlarga va o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqiga yo‘liga sodiqligini ko‘rsatgan”.

Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel noyabr oyi boshida Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan norasmiy YeI sammiti kun tartibiga Gruziya masalasini kiritish niyatida.

Ma’lumot uchun, Gruziya Markaziy saylov komissiyasi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasini saylovlarda g‘olib deb e’lon qildi. Rasmiy ovoz berish natijalariga ko‘ra, u 54,08 foiz, G‘arbparast muxolifat ittifoqi esa 37,58 foiz ovoz olgan.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili parlament saylovlari natijalarini tan olmasligini aytib, Rossiya ishtirok etgan ko‘plab qonunbuzarliklarga ishora qildi. U 28 oktyabr kuni Tbilisida xalqni ommaviy namoyishlarga chiqishga chaqirdi. Gruziyadagi muxolifat partiyalari 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalarini tan olishdan bosh tortdi. Bundan tashqari, 5 foizlik chegaradan o‘tgan muxolif siyosiy kuchlar yangi parlamentda ishlashdan bosh tortdi va ichki muzokaralardan so‘ng norozilik namoyishlarini e’lon qildi.

Xalqaro kuzatuvchilar Gruziyadagi saylovlardagi qonunbuzarliklardan xavotir bildirdi.

“Ekspertlar saylovchilarni qo‘rqitish, hukumat amaldorlariga bosim o‘tkazish, kuzatuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik, ovozlarni sotib olish, bir necha marta ovoz berish va byulletenlarni to‘ldirish kabi holatlarni qayd etgan”, deya xabar beradi YeXHT.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Gruziya Evropa Ittifoqi saylov Salome Zurabishvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing