AQSH va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashmoqda – OAV
Olam
−
29 yanvar 2022
19913Vashington va Kiyev munosabatlaridagi keskinlik Rossiyaning Ukrainaga “bosqin”iga oid ma’lumotni talqin qilish borasidagi kelishmovchiliklar tufayli kuchaymoqda. Bu haqda CNN telekompaniyasi AQSH ma’muriyatidagi manbalarga tayanib xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden va uning yordamchilari Ukraina rahbariyatining “bosqinchilik tahdidini kichraytirib” ko‘rsatayotganidan norozi, shuningdek, mamlakat Qo‘shma Shtatlardan yordamni “alohida minnatdorlik bildirmasdan” qabul qilmoqda.
“Bizning savolimiz shuki, nega siz AQSH bilan janjallashmoqchisiz? AQSH sizning yagona haqiqiy do‘stingiz bo‘lsa-da, nima uchun ma’lumotlarni sizdirib, buzib tashlayapsiz? Agar tahdid darajasi o‘zgarmagan desangiz, nega qo‘shimcha qurol so‘rashingiz kerak?”, degan AQSH rasmiysi.
O‘z navbatida, Ukraina rahbariyati Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi profilaktik sanksiyalarni qo‘llashdan bosh tortgan holda, hozirgi vaziyatga “ortiqcha munosabat bildirmoqda, vahima qo‘zg‘atmoqda va Ukraina iqtisodini chalkashtirib yubormoqda”, deb hisoblaydi.
“Kiyev so‘nggi ikki oy davomida hech qanday to‘xtatuvchi ta’sirga ega bo‘lmagan va aslida beixtiyor Ukraina iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lajak urush haqida doimiy og‘zaki ogohlantirishlardan ko‘ra, “Shimoliy oqim”ga qarshi sanksiyalar kabi oldini olish choralarini ko‘rishni qadrlaydi”, degan Prezident Zelenskiyning maslahatchilaridan biri.
Avvalroq, telekompaniya Ukraina hukumatidagi manbaga tayanib, Bayden va Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini konstruktiv deb ta’riflab bo‘lmasligini aytgan edi. Bu ma’lumotni Ukraina Prezidentining Matbuot kotibi Sergey Nikiforov va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba rad etgan. Zelenskiyning o‘zi Amerika rahbari bilan hech qanday tushunmovchilik yo‘qligini aytgan.
Kiyev va G‘arb davlatlari so‘nggi paytlarda Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida “tajovuzkor harakatlari” kuchayganidan xavotir bildirgan. Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov qo‘shinlar o‘z hududi doirasida va o‘z xohishiga ko‘ra harakatlanayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni tashvishga solmasligi kerak. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, Rossiya Ukraina atrofidagi mojaro uchun hech qanday bahona yaratmayapti.
LiveBarchasi