AQSH va “Tolibon” o‘rtasida maxfiy kelishuv bo‘lganmi?
Olam
−
04 mart 2020
5086AQSH va "Tolibon" o‘rtasida muzokaralar davomida yana ikki maxfiy hujjat imzolangan. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo ma’lum qildi.
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov esa AQSH va "Tolibon" o‘rtasida hech qanday maxfiy bitimlar yoki protokollar yo‘qligiga ishonishini aytmoqda.
"Sulh imzolanishi arafasida men AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan gaplashdim. U hech qanday maxfiy bitimlar yo‘qligini aytib, qasam ichdi. Shuningdek, "Tolibon" vakili ham menga bunday bitimlar yo‘qligini tasdiqladi", dedi Kabulov matbuot anjumanida.
Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomonining "harbiy jihatlarga tegishli ba’zi maxfiy dasturlar hanuzgacha mavjud", degan bayonoti biroz xavotirli. Kabulovning ta’kidlashicha, bu bitimlar AQSH va NATO harbiy xizmatchilarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketilishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 29 fevral kuni "Tolibon" harakati AQSH bilan tinchlik shartnomasini imzoladi. Shartnomaga binoan AQSH va NATO kuchlari 14 oy davomida o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishlari kerak. Shu vaqt davomida “Tolibon” mamlakatda turli xunrezliklardan o‘zini tiyishi lozim. Shuningdek, shartnomada 2020 yilning 10 mart kunigacha mahbuslar almashinuvi ko‘zda tutilgan. Ammo Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani "Tolibon" mahbuslarini ozod qilishni rad etmoqda.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi