AQSH va Rossiyaning razvedka rahbarlari Turkiyada muzokara o‘tkazdi
Olam
−
14 noyabr 2022
7688Bugun, 14 noyabr kuni Turkiya poytaxti Anqarada rasmiy Vashingtonning tashabbusi bilan Rossiya-Amerika muzokaralari o‘tkazildi. Bu ma’lumotni TASSga Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi.
“Bunday muzokaralar haqiqatan ham bo‘lib o‘tdi. Bu Amerika tomonining tashabbusi edi”, deydi Kreml vakili.
Shu bilan birga, Peskov suhbat mavzusini oshkor qilmadi.
“Reuters” agentligi Oq uy vakiliga tayanib, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Byorns Anqarada ekani va u yerga Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin bilan uchrashish uchun kelgani haqida xabar bergan edi.
“Anadolu” agentligining Turkiya maxsu xizmatlaridagi manbaga tayanib, Uilyam Byorns va Sergey Narishkin Anqarada muzokara o‘tkazganini xabar qildi. Turk nashriga ko‘ra, uchrashuv Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MİT) vositachiligida o‘tkazilgan.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining vakili anonimlik sharti bilan “Anadolu”ga uchrashuv bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi aloqa kanallari ochiqligicha qolmoqda. Bu birinchi navbatda yadroviy xavf va strategik barqarorlik xatarlarini boshqarishga aloqador, deya tushuntirgan u.
“Ushbu sa’y-harakatlar doirasida Byorns bugun Anqarada o‘zining rossiyalik razvedkadagi mavqedoshi bilan uchrashadi”, deydi manba.
Agentlik suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, Byorns Sergey Narishkin bilan Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalasini muhokama qilmaydi.
“U faqat Rossiyaning yadro qurolidan foydalanishi oqibatlari va strategik barqarorlik sohasida keskinlikning kuchayishi haqida xabar beradi”, deb aniqlik kiritgan Milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi.
Uning qayd etishicha, uchrashuv chog‘ida Byorns Rossiyada “nohaq” ushlab turilgan Amerika fuqarolari masalasini ham ko‘taradi.
Manbaga ko‘ra, Amerika tomoni Kiyevni Anqaradagi uchrashuv haqida xabardor qilgan va Vashington Ukraina tomoni ishtirokisiz Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha muzokara olib bormasligiga ishontirgan.
“Biz o‘zimizning asosiy tamoyilimizga qat’iy sodiqmiz: Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa bo‘lmaydi”, deydi u.
NTV telekanali Turkiya maxsus xizmatlaridagi manbalarga tayanib, uchrashuv RF va AQSH o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun muhim bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
LiveBarchasi