AQSH va Rossiya Ukraina bo‘yicha maxfiy reja ustida ishlayapti – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati rossiyaliklar bilan maslahatlashgan holda, Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha yangi maxfiy reja ustida ishlamoqda. Bu haqda amerikalik va rossiyalik amaldorlarga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Manbalarning aytishicha, rejada 28 band mavjud bo‘lib, ular to‘rtta asosiy yo‘nalishga bo‘lingan: Ukrainada tinchlik, xavfsizlik kafolatlari, Yevropa xavfsizligi va AQSHning Rossiya hamda Ukraina bilan kelajakdagi munosabatlari.

Hujjatni AQSH tomonidan Prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff muvofiqlashtirayotgani aytilmoqda. U bu masala bo‘yicha Rossiya Prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan investitsion-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan aloqada. Dmitriyev “Axios”ga ushbu tinchlik rejasi ustida ish olib borilayotganini tasdiqlagan va uning muvaffaqiyatga erishish ehtimolini yuqori baholagan. 

“Biz Rossiyaning pozitsiyasi haqiqatan ham tinglanayotganini his qilyapmiz”, deydi u.

Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, rejada asosiy g‘oya “faqat Ukraina emas, butun Yevropa uchun mustahkam xavfsizlikni ta’minlash”. U tinchlik rejasi Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan navbatdagi uchrashuviga qadar tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan.

“Shungacha Vashington ukrainaliklar va yevropaliklarga yangi yondashuvning “afzalliklarini” tushuntiradi”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya rasmiysi.

“Axios” bilan suhbatlashgan Tramp ma’muriyati vakili AQSH mazkur rejadan Ukraina va Yevropa vakillarini xabardor qilayotganini tasdiqlagan. Biroq hujjatda bosib olingan Ukraina hududlari bilan bog‘liq masalalar qanday hal etilayotgani va u Kremlning janglarni to‘xtatish evaziga Kiyevdan ko‘proq hudud talab qilishiga qanday javob berayotgani hozircha aniq emas.

“Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoff yangi rejani shu hafta boshida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov bilan muhokama qilgan. Shuningdek, Uitkoff bugun, 19 noyabr kuni Turkiyada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib hujjatni muhokama qilishi kutilgan edi, biroq maxsus elchi so‘nggi lahzada safarini bekor qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Ukraina Prezidenti ma’muriyati rahbari Andrey Yermak o‘rtasidagi muzokaralar bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing