AQSH va Isroil Eronning javobini kutib, qo‘shinlarini yuqori shay holatga keltirdi – NYT

Olam

image

AQSH va Isroil hukumati 1 aprel kuni Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng Tehron tomonidan ehtimoliy javob hujumlariga tayyor turish uchun Yaqin Sharqdagi o‘z qurolli kuchlarini shay holatga keltirdi. Bu haqda rasmiylarga tayanib, “The New York Times” (NYT) xabar berdi.

Ismi oshkor etilmagan isroillik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar jangovar bo‘linmalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning ta’tillarini bekor qilgan, havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarida xizmat qilish uchun ba’zi zaxiradagi askarlarni chaqirgan va GPS signallarini kuzatishni boshlagan. 

Ikki nafar anonim Eron rasmiysining nashrga tasdiqlashicha, respublika Isroil agressiyasini to‘xtatib turish uchun Damashqdagi hujumga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytarish kerak degan qaror qabul qilingandan so‘ng, o‘zining barcha qurolli kuchlarini to‘liq shay holatga keltirgan.

Gazeta amerikalik harbiy tahlilchilarning baholariga tayanib, Eron zarbalarining mintaqadagi Amerika qo‘shinlariga qaraganda, Isroilga qaratilgan bo‘lishi ehtimoli ko‘proq ekanini yozdi. Qayd etilishicha, isroillik ekspertlar 2023 yil 7 oktyabrdan buyon muntazam o‘t ochishni davom ettirayotgan Livanning “Hizbulloh” tashkiloti Eron hujumida ishtirok etishini kutmayapti. Ular Tehronning to‘g‘ridan to‘g‘ri javobiga umid qilmoqda.

Ma’lumot uchun, 1 aprel kuni Isroil F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida Damashqdagi Eron konsulligi binosiga raketa hujumi uyushtirgan. Hujum oqibatida 13 kishi, jumladan generallar Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Haj Rahimiy halok bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Isroilning Eron konsulligi binosiga uyushtirgan havo hujumini keskin qoralagandi. BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida esa BMT va ba’zi a’zo davlatlar hujumni qoralagan bir paytda, AQSH Eronni Isroil va Amerika nishonlariga hujum qilishda aybladi. AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi Eron 48 soat ichida Isroilga  kuchli zarba berishini taxmin qildi. Isroil hukumati esa Eron tahdidi tufayli dunyo bo‘ylab 28 ta diplomatik vakolatxonasining faoliyatini to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil AQsh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing