“AQSH O‘zbekistonning suverenitetini qo‘llab-quvvatlashga sodiq”. Blinken Mirziyoyev qabulida bo‘ldi
Jamiyat
−
01 mart 2023
9924O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarning keng doirasi hamda mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Suhbat avvalida Davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekiston rahbariga Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Jo Baydenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
AQSH O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekani yana bir bor qayd etilgan. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan demokratik yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berilgan, ular to‘liq qo‘llab-quvvatlangan.
Ayniqsa, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlashda, majburiy mehnatga qarshi kurashishda, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarda, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishda va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda erishilgan katta muvaffaqiyatlar alohida qayd etilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
Keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan Strategik hamkorlik bo‘yicha samarali muloqotni ilgari surish va turli darajalarda sermahsul almashinuvlarni davom ettirish muhimligi tasdiqlangan.
Savdo-iqtisodiy, investitsion va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish, Amerika yetakchi kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish, kooperatsiya loyihalarini, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Madaniy-gumanitar aloqalarni, shu jumladan mamlakatimizda yoshlarga ingliz tilini o‘qitish va malakali o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlarini faollashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan.
Mintaqaviy hamkorlikning eng muhim masalalari yuzasidan fikr almashildi. Kuni kecha “AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari” (“S5+1”) formatida o‘tgan vazirlar uchrashuvining amaliy natijalari ijobiy baholangan.
Mintaqa mamlakatlarining barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini takomillashtirish, “yashil” energetikani rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu oyda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) yig‘ilishiga muhim ahamiyat berilmoqda.
Shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida keng xalqaro hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
Ushbu mamlakatdagi vaziyatning keskinlashishiga va gumanitar inqirozning avj olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, mavjud muammolarni hal qilish algoritmini ishlab chiqish uchun BMT maydonidan faol foydalanish zarurligi, shuningdek, tinchlik jarayoniga va Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish uchun mintaqaviy infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirilgan.
LiveBarchasi