AQSH O‘zbekistonga 200 dan ortiq infraqizil monokulyar berdi
Jamiyat
−
18 yanvar 2023
10722Kecha, 17 yanvar kuni AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga 225 dona “FLIR” infraqizil monokulyarini taqdim etdi. Bu haqda Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot kotibi A’zam Obidov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Ushbu kuzatuv uskunalari AQSH davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilingan. Qiymati 600 ming dollarga teng uskunalar AQSHning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi. Chegara qo‘shinlari nomidan uskunalarni polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib olgan.
“Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, ushbu topshirilayotgan kuzatuv uskunalari O‘zbekiston davlat chegarasini muhofaza qilish va “yashil chegara”ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi. Hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytarish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 1994 yil tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi AQSH hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi.
LiveBarchasi