AQSH O‘zbekistondan bir necha ming afg‘onistonlikni qabul qilishni so‘ramoqda — OAV

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekistondan amerikaliklarga yordam bergan 9 ming afg‘onistonlikka vaqtincha boshpana berishni so‘ramoqda. Bu haqda “Bloomberg” o‘z manbalariga asoslanib yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu bitim Afg‘oniston masalasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan kelgusi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kengroq kelishuvning bir qismi bo‘ladi. 

“O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirlari shu hafta Vashingtonda bo‘lib turibdi. Tomonlar AQSHga ushbu ikki mamlakat hududidan razvedka hamda kuzatuv olib borishga imkon beradigan bitimni muhokama qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, AQSH va xorijiy davlatlar qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etayotgan payt qariyb 26 mingdan ortiq afg‘onistonlik o‘z vatanida xavf ostida qolmoqda. Ular o‘z vaqtida AQSHning Afg‘onistondagi operatsiyalariga ko‘maklashgan. Shu sabab, tobora faollashib borayotgan “Tolibon”ning ularga hujum qilish xavfi mavjud.

“Xalqaro koalitsiya qo‘shinlariga, asosan, tarjimon sifatida yordam bergan o‘n minglab afg‘onistonliklarning taqdiri alohida tashvishga solmoqda”, deya qayd etgan “The Wall Street Journal”.

Toliblar ularni xoin, deb bilishadi va allaqachon, nafaqat tarjimonlarning o‘zlarini, balki yaqin qarindoshlarini ham namoyishkorona qatl qilishgan, deyiladi “Al jazeera” telekanali xabarida.

AQSH harbiy-dengiz flotining admirali Jeyms Stavridis “Bloomberg Opinion” uchun yozgan maqolasida har qanday usul bilan, hatto buning uchun ularni ommaviy ravishda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelsa ham AQSH ittifoqchilarini “Tolibon”dan himoya qilishni taklif qilgan: aks holda ularni Vetnamda qoldirilgan Amerika ittifoqchilarining qiynoqlarga solingan taqdiri kutmoqda.

Massachusets shtatidan Vakillar palatasi a’zosi hamda sobiq dengiz piyodasi Set Multon alohida viza shartlariga loyiq, deb hisoblagan hamda AQSHga yordam bergan 20 ming tarjimon va boshqa afg‘onlarni evakuatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini tayyorlamoqda.

Toshkentda bo‘lishi kutilayotgan anjuman

Joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilingan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagigi yuqori darajali xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Unda taxminan 14 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etadi. Qayd etish kerakki, Afg‘oniston masalasi ham xalqaro anjuman kun tartibidan o‘rin oladi.

AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi. Bundan tashqari, Italiya va Germaniya ham o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketdi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh “Tolibon”

Baholaganlar

769

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing