AQSH O‘zbekistonda ayollarni qo‘llovchi qonun qabul qilinganini olqishladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir tarixiy qonunni imzoladi. Mazkur qonun qabul qilinganini AQSH hukumati olqishladi. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

AQSH O‘zbekistonda bo‘layotgan yangiliklarga va o‘zgarishlarga befarq emasligini va buni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi hamda ayollar va bolalarning yanada mustahkam huquqiy himoyasini ta’minlovchi yangi qabul qilingan qonunni olqishlaydi. Bu qonun barcha o‘zbekistonliklarning o‘z jamoalari, ish joylari va uylarida o‘zlarini xavfsiz his qilishlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir”, deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi.

Shuningdek, AQSH ushbu qonunni hayotga tadbiq qilishda O‘zbekiston huquq-tartibot organlari va sud tizimi bilan hamkorlik qilishga shay ekanligini bildirmoqda.

“Qo‘shma Shtatlar oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga himoya va quvvatlanish olishda yordam berishga sodiq qoladi hamda O‘zbekiston huquq-tartibot organlari, sud tizimi va fuqarolik jamiyati bilan ushbu qonunni hayotga tadbiq etishda hamkorlik qilishga tayyordir”, deya ta’kidlaydi AQSH elchixonasi.

Eslatib o‘tamiz, yangi qonun bilan endilikda shaxs o‘z turmush o‘rtog‘ini haqoratlab, qadr-qimmatini tahqirlasa, 6 million so‘m jarimaga tortiladi, g‘arazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazsa, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Qolaversa, turmush o‘rtog‘ini haqorat qilgan, so‘kkan, tahqirlagan, qo‘rqitgan va urganlar javobgarlikka tortiladi.

Bundan tashqari, 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qat’iy nazar, jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo, ya’ni 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Eng muhim tomoni bolalarning jinsiy erkinliklariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga tenglashtirilib, ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Xotin-qizlar javobgarlik zo'ravonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing