AQSH O‘zbekiston Hukumatini kelgusi saylovida YeXHT tavsiyalarini bajarishga chaqirdi
Jamiyat
−
11 iyul 2023
18856Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarini kuzatdi hamda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) saylovga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, u haqiqiy siyosiy plyuralizm va raqobatsiz muhitda o‘tgani haqidagi xulosalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan berilgan bayonotda so‘z borgan.
“Demokratik tizimlar saylov jarayonlarining yaxlitligini ta’minlashdan tashqari, ovoz berishda qatnashayotgan vatandoshlarni haqiqiy, raqobatbardosh tanlash imkoniyati bilan ham ta’minlashi lozim. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hukumatini kelgusi saylovlarda DIIHBning tavsiyalarini to‘liq bajarishga chaqiradi”, deyiladi elchixona bayonotida.
AQSH elchixonasi O‘zbekiston vatandoshlarini saylovdagi ishtiroki uchun olqishlagan hamda saylovda Prezident Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlaganini qayd etgan.
“Prezident Mirziyoyev yangi vakolatlari doirasida o‘z vazifasini bajarishga kirishar ekan, Qo‘shma Shtatlar uning islohotlar va boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan, qonun ustuvorligi, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro nazorat va muvozanatni ta’minlash, shaxsiy huquqlarni himoya qilish kabi kun tartibida turgan masalalarni ilgari surishda yordam berishga tayyorligini bildiradi. Bu tamoyillarga rioya qilish vakillar boshqaruvining asosi hisoblanadi. Biz Prezident Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati bilan AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, ta’lim, odamlar orasidagi o‘zaro munosabat va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida hamkorlik qilishni kutib qolamiz”, deyilgan bayonotda.
Ma’lumot uchun, 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan avval prezident saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan g‘alabaga erishdi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Mahmudova 4,43 %, Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov 4,02 %, O‘zbekiston ekologik partiyasidan Abdushukur Hamzayev 3,74 % ovoz to‘pladi.
Eslatib o‘tamiz, 10 iyul kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) xalqaro kuzatuvchilari O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari bo‘yicha hisobotini taqdim etdi.
DIIHBga ko‘ra, O‘zbekistonda huquqiy bazani isloh qilish davom etayotgani sababli u hali demokratik saylovlarni o‘tkazish uchun huquqiy asosni to‘liq ta’minlamayapti. Shuningdek, kuzatuvchilar demokratik jarayonlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan avvalgi bir qator tavsiyalar e’tibordan chetda qolayotganini ta’kidlagan. Missiya mavjud cheklovlarni olib tashlash va fuqarolik jamiyatining saylov jarayonida to‘liq ishtirokini ta’minlash uchun ham islohotlar zarur, deb hisoblaydi.
LiveBarchasi