AQSH “urush” boshlaganini e’lon qildi
Olam
−
14 noyabr 99433 2 daqiqa
AQSH Urush vaziri Pit Hegset G‘arbiy yarimsharda narkoterroristlarga qarshi “Southern Spear” (Janubiy nayza) nomli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda Hegset o‘zining X’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Bugun men “Janubiy nayza” operatsiyasi boshlanganini e’lon qilaman. “Janubiy nayza” qo‘shma operativ guruhi va AQSH Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi boshchiligida bu missiya yurtimizni himoya qiladi, narkoterroristlarni bizning yarimsharimizdan chiqarib yuboradi va xalqimizni o‘ldirayotgan narkotiklardan mamlakat xavfsizligini ta’minlaydi. G‘arbiy yarimshar – bu Amerika hududi va biz uni himoya qilamiz”, deya yozgan Urush vaziri.
Bundan avval AQSHning eng yirik aviatsiya kemasi USS Gerald R. Ford Janubiy qo‘mondonlik zonasi – Lotin Amerikasi va Karib dengizi hududiga kirgan edi. U mintaqada joylashgan AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining yana sakkizta kemasiga qo‘shildi. Kemaning bortida 4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi bor, shuningdek, u o‘nlab jangovar qiruvchilar, zarba beruvchi samolyotlar va harbiy vertolyotlarni olib yuradi.
OAVning yozishicha, Gerald R. Ford bir necha kun ichida Venesuela qirg‘oqlariga yetib boradi. U bu yerda boshqa harbiy kemalar, atom suvosti kemasi va Puerto-Rikoda joylashgan harbiy samolyotlar bilan birga, so‘nggi o‘n yilliklardagi AQSHning mintaqadagi eng yirik harbiy mavjudligini shakllantiradi.
CBS News nashrining xabar berishicha, kecha, 13 noyabr kuni yuqori martabali harbiy amaldorlar AQSH Prezidenti Donald Trampga Venesuelada amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan harbiy operatsiyalarning yangilangan variantlarini taqdim etgan. Pit Hegset, Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari general Den Keyn va boshqa rasmiylar Trampga yaqin kunlarga mo‘ljallangan harbiy rejalar haqida axborot bergan.
Qolaversa, oldinroq “Financial Times” AQSHning Venesuelaga hujum qilishining uchta ssenariysini keltirgandi:
narkotrafikka aloqador ob’ektlarga raketa va dron zarbalari;
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro yoki uning eng yaqin odamlarini qo‘lga olish amaliyoti;
to‘liq miqyosli bosqin (biroq uning ehtimoli past deb baholangan).
AQSH Qurolli kuchlari sentyabrdan buyon Venesueladagi dengiz nishonlariga zarbalar berib kelmoqda. Amerikaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, bu harakatlar narkotrafikka qarshi kurash doirasida amalga oshirilmoqda.
Oktyabr oyida Venesuela BMT Xavfsizlik kengashidan AQSH bilan yuzaga kelgan vaziyatga aralashishni so‘ragan edi. O‘sha paytda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya AQSH “rangli inqiloblar vositalaridan foydalanib, mamlakatda o‘ziga yoqmaydigan rejimni almashtirmoqchi bo‘layotgani”ni taxmin qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH-Venesuela urushi ehtimolini shubha ostiga olgandi, ammo Prezident Nikolas Maduroning mamlakat rahbari sifatidagi kunlari sanoqli qolganini aytgandi.
Live
Barchasi