AQSH Ukrainaga qancha Tomahawk raketalarini yetkazib bera olishi aytildi
Olam
−
14 Oktabr 2025 11855 2 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 20 dan 50 tagacha qanotli Tomahawk raketalarini taqdim etishi mumkin. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Amerika xavfsizligi markazi mudofaa bo‘yicha direktori Steysi Pettijonning fikricha, “bu urush dinamikasini tubdan o‘zgartira olmaydi”.
AQSHning Tomahawk raketalarining aniq soni noma’lum. Pentagonning sobiq rasmiysi, hozirda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida ishlovchi Mark Kansianning hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning soni 4150 ga yaqin bo‘lishi mumkin. Ayni paytda, 2022 yildan beri buyurtma qilingan 200 ta Tomahawk’ning 120 tasi allaqachon janglarda qo‘llangan. 2026 yilgi byudjetda Pentagon qo‘shimcha 57 ta tasi uchun mablag‘ so‘radi.
“Vashingtonga Venesuelaga zarbalar berish uchun Tomahavk raketalari kerak bo‘lishi mumkin”, deb yozadi FT.
Potensial Tomahawk yetkazib berish AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi 17 oktyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvda muhokama qilinadigan mavzulardan biri bo‘ladi. Ular allaqachon NATO ittifoqchilarining Ukraina uchun bunday raketalarni sotib olish imkoniyatlarini muhokama qilgan. Maqolada ta’kidlanishicha, Tomahawk 2022 yildagi jangovar harakatlar boshlanganidan beri “Ukrainaning qurollar ro‘yxatida birinchi o‘rinda” turgan.
Tramp Ukrainaga Tomahawk’larni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi, biroq u Kiyev bunday qurollardan qanday foydalanishni rejalashtirayotgani haqida ko‘proq ma’lumot olmoqchi ekanini ta’kidladi. Amerika Prezidenti bu masalani Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan ham muhokama qilishi mumkinligini aytdi. Tramp Tomahawk’ning potensial sotilishini eskalatsiya deb atadi.
Rossiya G‘arbning Kiyevga qurol sotishini qoraladi. Prezident Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Tomahawk’ning ehtimoliy yetkazib berilishiga Moskvaning javobi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish bo‘ladi. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev raketalarni Kiyevga topshirish butun dunyo, jumladan, Donald Tramp uchun xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni berish imkoniyatini tilga olgandi. Uning aytishicha, agar Rossiya Ukrainaga qarshi agressiv urushni tinch yo‘l bilan tugatishdan bosh tortsa, Vashington shunday qadamga borishi mumkin.