AQSH Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha yetakchilikdan voz kechdi
Olam
−
01 avgust 7329 2 daqiqa
Pentagon Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va Ukraina Qurolli kuchlari askarlarini o‘qitishni muvofiqlashtiruvchi Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlashda ko‘maklashish guruhiga (Security Assistance Group, SAG-U) boshchilik qilishni to‘xtatadi. Bu haqda Amerika mulozimiga va AQSH Urush vazirligining (Pentagon) rejalaridan xabardor uch kishiga tayanib, “Politico” xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, guruhga NATOning boshqa bir mamlakati boshchilik qiladi. Aynan qaysi davlat ekaniga aniqlik kiritilmagan. Shu bilan birga, rahbariyatning almashishi bir yilgacha vaqt olishi mumkin, biroq manbalar bu guruh ishini to‘xtatib qo‘ymasligini ta’kidlamoqda, chunki “Ukrainani qo‘llab-quvvatlash eng ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda”.
Pentagonning ma’lum qilishicha, SAG-U boshidanoq vaqtinchalik tuzilma sifatida rejalashtirilgan. Idora yetakchilikning topshirilishi “alyans ichida yukni qayta taqsimlash” jarayonining bir qismi ekani va Qo‘shma Shtatlarning yangi mudofaa strategiyasiga mos kelishini bildirgan.
“Yetakchilikning Yevropa yoki Kanada ofitseriga topshirilishi ittifoqchilar o‘z zimmalariga ko‘proq mas’uliyat olayotganining yana bir misoli bo‘ladi”, deydi NATO vakili.
Rahbariyat almashgandan so‘ng, AQSHning Yevropa qo‘mondonligi amerikalik o‘rinbosar orqali guruh ishidagi ishtirokini saqlab qoladi. SAG-U 2024 yilning yozida NATOning Vashingtondagi sammitida tashkil etilgan edi. Guruh idorasi Germaniyaning Visbaden shahrida joylashgan.
2024 yil o‘rtalaridan beri SAG-U’ga boshchilik qilib kelayotgan general-leytenant Kyortis Bazzard joriy yilning 3 avgust kuni iste’foga chiqadi. Uning o‘rnini AQSH ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartiradigan general-leytenant Giyom Boreper egallaydi. NATO bo‘yicha ittifoqchilar qo‘mondonlikning topshirilishini umuman olganda qo‘llab-quvvatlagan va Yevropaning roli kuchayishi mantiqan to‘g‘ri ko‘rinayotganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi