AQSH diplomatlari oilalariga Ukrainadan ketishni buyurdi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti Amerikaning Kiyevdagi elchixonasi xodimlarining oilalariga mamlakatni tark etishni buyurdi, shuningdek, diplomatik vakolatxona xodimlarining bir qismiga buning uchun ruxsat berdi. Bu haqda Davlat departamenti bayonotida aytiladi.  

“Davlat departamenti favqulodda vaziyatlardan tashqari vazifalarni bajarayotgan AQSH davlat xizmatchilarining o‘z ixtiyori bilan ketishiga ruxsat berdi. Shu bilan birga, Davlat departamenti AQSH davlat xizmatchilarining oila a’zolariga Amerikaning Kiyevdagi elchixonasini tark etishni buyurdi”, deyilgan xabarda. 

Aniqlik kiritilishicha, buyruq “elchixonadagi AQSH davlat xizmatchilarining barcha oila a’zolariga” tegishli. 

“Chetga chiqish ruxsatnomasi ko‘rsatilgan xodimlarga agar ular xohlasa ketish imkoniyati beriladi, ular ketishi shart emas. Biroq oila a’zolari mamlakatni tark etishi shart”, deyilgan xabarda. 

Qayd etilishicha, ushbu buyruqlarning jiddiyligini baholash 30 kundan kechiktirmay amalga oshiriladi. Xodimlar va ularning oila a’zolari soniga aniqlik kiritilmagan. 

Davlat departamenti vakilining ta’kidlashicha, AQSH hukumati o‘z fuqarolariga “Rossiya harbiy harakati tahdidi kuchaygani sababli” Ukrainaga bormaslikni tavsiya qilgan. 

“AQSH fuqarolari tijoriy reyslar yoki shaxsiy transportning boshqa shakllaridan foydalangan holda ketishni o‘ylab ko‘rishi kerak”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida. 

Brifingda e’lon qilingan versiyaga ko‘ra, “bu qarorlar Rossiyaning mamlakatdagi barqarorlikni buzishga urinishlari tufayli ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan”. Davlat departamenti rasmiylari Ukrainadagi amerikaliklarning aniq sonini ayta olmayotganini ta’kidlagan.

Ukrainadagi barcha AQSH fuqarolariga aloqada bo‘lishni osonlashtirish uchun maxsus elektron shaklni to‘ldirish tavsiya qilingan. Shuningdek, AQSHning Kiyevdagi elchixonasi faoliyatini davom ettirishi va e’lon qilingan choralar Vashingtonning Kiyevga bergan yordamini hech qanday tarzda kamaytirmasligi ta’kidlangan. 

Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Sharqiy Yevropada Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlari, havo kuchlari va dengiz flotini joylashtirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandik. 

So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina

Baholaganlar

103

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing