AQSH Ukraina ortidan Rossiya bilan “o‘yin” qilayotgani yo‘q – Oq uy
Olam
−
15 noyabr 2022 5456 2 daqiqa
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Vashington Kiyevning orqasida Moskva bilan muzokaralar olib bormayotganini va bu kabi muhokamalar boshlanishi uchun “asosiy shartlar yo‘q”ligini ta’kidlaydi. Bu haqda Kirbi bugun, 15 noyabr kuni Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Biz ukrainaliklarning orqasida muzokaralar olib bormaymiz. [Ukraina Prezidenti Vladimir] Zelenskiy muzokaralarga rozi bo‘lishini va u qachon o‘tkazilishini o‘zi hal qilishi kerak. U shunday qilmaguncha, biz ukrainaliklar o‘z hududlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurol va harbiy vositalarga ega bo‘lishini ta’minlashga harakat qilamiz. Hech qanday muzokaralar yo‘q, nima muhokama qilinishi yoki bo‘lmasligini Ukraina hukumati o‘zi belgilaydi”, deydi u.
Avvalroq “Politico” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, AQSH Davlat departamenti hozirda Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lajak muzokaralar uchun zamin tayyorlayotgani, biroq Vashington ma’muriyatida bunday qadamlar zarurligi borasida kelishmovchiliklar borligi haqida xabar bergan edi.
14 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoy rahbari Si Szinpin bilan ikki tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kiyev ishtirokisiz Vashington Ukraina bo‘yicha muzokara olib bormasligini aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Ukraina bo‘yicha maslahatlashuvlarga tayyor ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya G‘arbdagi hamkasblari o‘z manfaatlarini inobatga olgan holda vaziyatni yumshatish bo‘yicha suhbat tashkil etishni taklif qilsalar, ularga quloq soladi.
Live
Barchasi