Bayden AQSH qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga qarshi – Oq uy
Olam
−
28 fevral
5386Ukrainaga qo‘shin yuborish bu davlatlarning suveren qaroridir. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi jurnalistlar uchun navbatdagi brifingda ma’lum qildi.
“Bu har bir NATO ittifoqchisi mustaqil ravishda qabul qilishi kerak bo‘lgan suveren qaror. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning o‘zi NATO homiyligida qo‘shin jo‘natish rejasi yoki niyati yo‘qligini aytdi”, deydi u.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Ukrainaga qo‘shin jo‘natish ehtimoli haqidagi bayonotlarini sharhlar ekan, Kirbi Prezident Bayden Amerika qo‘shinlarining Ukrainadagi urushda ishtirok etishiga qarshi ekanini ta’kidladi.
“AQSH Prezidenti Bayden ushbu mojaroning boshidanoq Amerika qo‘shinlari jangovar amaliyotlar o‘tkazish uchun Ukrainada bo‘lmasligini aniq aytdi”, deya ta’kidlaydi Oq uy koordinatori.
Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni Parijda Ukrainaga yordam bo‘yicha konferensiya yakunida so‘zga chiqqan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina hududiga Fransiya quruqlikdagi qo‘shinlari kiritilishi mumkinligini istisno etmagandi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa alyans Ukrainaga askar yuborish niyatida emasligini aytgan.
LiveBarchasi