G‘azo bo‘yicha muzokaralar keyingi haftada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda
Olam
−
10 avgust
1146G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar joriy yilning 15 avgust kuni Qatarning Doha yoki Misrning Qohira shahrida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik xizmatining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi matbuot brifingida so‘z ochdi.
Kirbi AQSH, Misr va Qatarning qo‘shma bayonotidan so‘ng tomonlar harakatga kelganini va imkon qadar tezroq uchrashish istagini bildirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil muzokaralarga delegatsiya yuborishini e’lon qilgan, Qatar esa HAMAS delegatsiyasining kelishini ta’minlashga va’da bergan.
“Umid qilamizki, bu foydali natijalar beradi. O‘sha kuni tomonlarning muzokara stolidagi rejalarini hech narsa buzishini istamaymiz”, degan Kirbi.
U uchrashuvda AQSH ham ishtirok etishini bildirib, tez orada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish zarurligini ta’kidlagan.
Kecha, 9 avgust kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda AQSH, Misr va Qatar Isroil va HAMASni 15 avgust kuni Qohira yoki Dohada G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. Qo‘shma bayonot mintaqadagi ko‘plab davlatlar, jumladan Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Blinken Isroil Mudofaa vaziri Galant bilan telefon orqali suhbatda Yaqin Sharqdagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni muhokama qilgandi. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektorida sulhga erishish zarur. Ushbu chora isroillik garovga olinganlarni ozod qilishni ta’minlaydi va mintaqaviy barqarorlikni oshirish uchun sharoit yaratadi. Davlat kotibi, shuningdek, Isroil va Livan oilalarining uylariga qaytishiga imkon beradigan diplomatik yechimga erishish muhimligini aytib o‘tdi.
LiveBarchasi