Oq uy Putinning Shimoliy Koreyaga borishidan xavotirda
Olam
−
18 iyun
10757Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi “yaxshi aloqalar” nafaqat Ukraina, balki Koreya yarimoroli xavfsizligiga ham salbiy ta’sir qiladi. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi brifingda ma’lum qildi.
“Bizni safar tashvishga solayotgani yo‘q. AQSHni xavotirga solayotgan narsa bu Rossiya va KXDR o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurlashishi, bu Ukraina xalqiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki biz Rossiya Shimoliy Koreya qurollaridan foydalanayotganini bilamiz. Bundan tashqari, mazkur ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik Koreya yarimorolidagi xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, deydi Kirbi.
Shuningdek, Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar hozir Putin va Kim Chen Inning o‘zaro yaqinlashuvini juda yaqindan kuzatib borayotganini qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, Putin shu yilning mart oyida prezidentlikka qayta “saylanganidan” keyin Shimoliy Koreyaga borayotgani ajablanarli emas.
“Ehtimol, Putin Pxenyan orqali bizga qarshi kurash boshlamoqchi. Menimcha, u shunday ham qilyapti”, deya o‘z fikrini aytib o‘tdi AQSH Milliy xavfsizlik matbuot kotibi.
Tahlilchilarning aytishicha, Putin Shimoliy Koreyadan qurol izlamoqda. Chunki ayni damda G‘arb sanksiyalari tufayli Moskva qurol masalasida bir qator qiyinchiliklarga duch kelyapti.
Kreml, avvalroq Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning taklifiga binoan 18 iyundan boshlab Shimoliy Koreyaga ikki kunlik safar uyushtirishini ma’lum qilgan edi. Shimoliy Koreyadan keyin Putin Vetnamga ham ikki kunlik davlat tashrifi bilan boradi.
Rossiya Prezidenti KXDRga ilk bor 2000 yilda, Kim Chen Inning otasi Kim Chen Ir bilan uchrashish uchun tashrif buyurgandi. Mazkur ikki davlat rahbari so‘nggi bor o‘tgan yilning sentyabrida uchrashgan.
LiveBarchasi