AQSH Ukraina energetikasini tiklash uchun 1,5 milliard dollar ajratadi

Olam

image

Vashington ma’muriyati energiya tizimini tiklash va boshqa ehtiyojlar uchun Ukrainaga deyarli 1,5 milliard dollar ajratadi. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris Byurgenshtok sammitida ma’lum qildi.

Oq uy rahbarining o‘rinbosari bu mablag‘lar Ukrainadagi energiya sohasini tiklash bilan birga insonparvarlik ehtiyojlari uchun ham ishlatilishini bildirdi. Ushbu yordam energiya, gumanitar, chegara va ijro organlarining faoliyatini qamrab oladi.

Aniqlik kiritilishicha, transhlar Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi orqali amalga oshiriladi. Energetika infratuzilmasini favqulodda tiklash uchun jami 824 million dollar ajratilgan bo‘lsa, gumanitar yordam hajmi 379 million dollarni tashkil etadi.

Qolgan 300 million dollar esa Ukraina chegara xizmati va huquq-tartibot idoralari uchun birinchi tibbiy yordam uskunalarini xarid qilish uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi o‘rtalarida Davlat Departamenti rahbari Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar yangi mudofaa sanoati jamg‘armasi orqali Ukrainaga qo‘shimcha 2 milliard dollar harbiy mablag‘ ajratmoqchi ekanligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina energetikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing