AQSH Turkiya va Armanistonning qarorini olqishladi
Olam
−
16 dekabr 2021
4330AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Turkiya va Armanistonning ikki davlat munosabatlarini normallashtirish uchun maxsus vakillar tayinlash qarorini olqishladi.
“Biz Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu va Armaniston Tashqi ishlar vazirligining normallashtirish jarayonini muhokama qilish uchun maxsus vakillar tayinlanishi haqidagi bayonotlarini olqishlaymiz va qattiq qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb yozgan Amerika diplomatiyasi rahbari Twitter’da.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya va Armaniston ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish choralarini muhokama qilish uchun maxsus vakillar tayinlashi haqida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu mamlakat parlamentida so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.
Avvalroq, Turkiya tashqi ishlar vaziri Istanbul va Yerevan o‘rtasida charter reyslari tiklanishi haqida ham aytib o‘tgandi. Chavusho‘g‘lu, shuningdek Anqaraning Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan qadamlar borasida Ozarbayjon bilan muvofiqlashgan holda harakat qilishini ta’kidlagan.
Shuningdek, Armaniston TIV rasmiy vakili Vaan Unanyan ham Yerevan Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muloqot o‘tkazish uchun o‘zining maxsus vakilini tayinlashini tasdiqlagan. Uning ta’kidlashicha, Armaniston Turkiya bilan munosabatlarni hech qanday shartlarsiz normallashtirish jarayoniga tayyor, bu mamlakat hukumati dasturida ko‘rsatilgan.
Turkiya va Armaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q, ikki davlat o‘rtasidagi chegara Anqara tashabbusi bilan 1993 yildan beri yopilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashishiga Anqaraning Qorabog‘ muammosi bo‘yicha Ozarbayjon pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi va 1915 yilda Usmonli imperiyasida armanlarning genotsidini xalqaro tan olish jarayoniga Turkiyaning keskin munosabati bilan bog‘liq bir qator holatlar sabab bo‘lmoqda.
LiveBarchasi