AQSH Transkaspiy gaz quvuri loyihasini jadallashtirishni istaydimi?

Olam

image

AQSH Senatining nufuzli a’zosi Stiv Deyns Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda asosiy mavzu ochiqlanmagan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar Vashington Transkaspiy gaz quvuri qurilishiga yangi sur’at berishga urinmoqda, deb hisoblayapti. Bu haqda “Euroasia” nashri xabar qildi.

Nashrning yozishicha, Montana shtatidan saylangan respublikachi senator Stiv Deyns Kongressda AQSHning Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin aloqalarini qo‘llab-quvvatlovchi eng nufuzli siyosatchilardan biri hisoblanadi. U senatorlik muddati 2027 yil yanvarda tugagach, siyosatdan ketishi kutilmoqda. Shu bois uning Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistonga rasmiy safari lavozimdagi eng muhim tashriflaridan biri sifatida baholanmoqda.

Qayd etilishicha, Deyns har uch mamlakatning oliy rahbarlari bilan uchrashgan. Uchrashuvlar mazmuni haqida tomonlar deyarli ma’lumot bermagan. Rasmiy bayonotlarda asosan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istagi ta’kidlangan.

Joriy yilning 7 iyul kuni AQSHning Ozarbayjondagi elchixonasi Deyns Bakuga tashrif buyurgan AQSH yuqori martabali rasmiylari qatoriga qo‘shilganini bildirgan. Bayonotda tashrifning maqsadi Prezident Ilhom Aliyev va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens joriy yil fevralda imzolagan Strategik sheriklik xartiyasini ilgari surish ekani qayd etilgan.

8 iyul kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi hamkorlik barqaror o‘sib borayotgani ta’kidlangan.

Shunga qaramay, bir qator omillar Deyns tashrifining asosiy mavzusi Kaspiy dengizi tubidan o‘tadigan gaz quvuri bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Uchrashuvlar haqidagi rasmiy axborotlarda tafsilotlar oz bo‘lsa-da, umumiy kayfiyat ijobiy bo‘lgani e’tiborga molik.

Turkmanistonda Deyns nafaqat mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, balki mamlakatda eng ta’sirli shaxs hisoblanadigan uning otasi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham muzokara o‘tkazgan. Turkmaniston rasmiylari mamlakatning AQSH bilan yoqilg‘i-energetika, transport, moliya-bank sohasi, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Ashxobod AQSHning Turkmaniston gazini Afg‘oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazishni ko‘zda tutuvchi trans-Afg‘on gaz quvuri loyihasini qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholagan. Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv haqidagi alohida axborotda esa energetika va transport sohalari hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida tilga olingan.

Nashrga ko‘ra, Turkmaniston uzoq yillar davomida G‘arb bilan iqtisodiy hamkorlikda ehtiyotkor siyosat yuritib kelgan. Hukumat tashqi ta’sirlar mamlakatdagi avtoritar boshqaruv tizimiga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirlangan. Biroq so‘nggi oylarda Ashxobodning Markaziy yo‘lak (Middle Corridor) savdo tarmog‘iga integratsiyalashishga qiziqishi ortib borayotgani kuzatilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda nafaqat Turkmaniston, balki Qozog‘iston ham mazkur loyihaga qiziqish bildirmoqda. Rossiya–Ukraina urushi tufayli Rossiya orqali o‘tadigan eksport yo‘laklarida yuzaga kelgan muammolar Ostonani energiya eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga undamoqda.

2026 yil boshida Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari Ustyurt platosida yirik gaz zaxiralari aniqlanganini ma’lum qilgan edi. Mutaxassislar fikricha, ushbu konlarni o‘zlashtirish kelajakda Transkaspiy gaz quvurining iqtisodiy samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Transkaspiy gaz quvuri O‘zbekiston hududidan o‘tmaydi, ammo u mamlakat uchun ham ma’lum iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin. Xususan, Ustyurt hududida aniqlangan yirik gaz zaxiralari kelajakda Qozog‘iston orqali ushbu eksport tizimiga ulanish imkonini berishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari uchun Yevropa bozoriga chiqishning yangi energetika yo‘lagini shakllantirishi va gaz eksporti imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Shuningdek, yangi marshrutning paydo bo‘lishi mintaqadagi gaz bozori va narxlariga ham ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.

Transkaspiy gaz quvuri loyihasi qariyb 30 yildan buyon muhokama qilib kelinmoqda. Biroq uning amalga oshishiga bir qator omillar to‘sqinlik qildi. Jumladan, Kaspiy dengizining huquqiy maqomi uzoq yillar davomida bahsli bo‘lib kelgan, loyihaning qiymati esa bir necha milliard dollarni tashkil etadi.

Shuningdek, Rossiya va Eron ushbu quvurni o‘z gaz eksportiga raqobatchi sifatida ko‘rib, unga qarshi chiqqan. Turkmaniston esa uzoq vaqt mobaynida o‘z gazini asosan Xitoyga eksport qilishni afzal ko‘rgan. Biroq Rossiya–Ukraina urushi ortidan Yevropa mamlakatlari Rossiya gaziga muqobil manbalarni faol izlay boshladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov “Kaspiy dengizi – tinchlik va do‘stlik dengizi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada so‘zlagan nutqida mamlakat Yevropa Ittifoqiga turkman gazini yetkazib berish rejalashtirilgan Transkaspiy gaz quvuri loyihasi bo‘yicha yevropalik sheriklar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Undan avvalroq esa Prezident Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga bergan intervyusida Ozarbayjon Transkaspiy gaz quvuri loyihasini qo‘llab-quvvatlashini, lekin uni amalga oshirish tashabbuskori bo‘la olmasligini aytgandi.

2023 yil avgustida Turkmaniston Tashqi ishlar vaziriligi Rossiya Federatsiyasi Qozog‘iston va O‘zbekistonga taklif qilgan “gaz ittifoqi”ni kengaytirish haqidagi bayonotlari Turkmaniston manfaatlariga zidligini bildirib, Xitoyga yirik hajmdagi gaz yetkazib berishda Rossiyani Turkmaniston-Xitoy gaz quvuriga ulashni rejalashtirmayotganini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng, o‘sha oyning o‘zidayoq Budapesht va Ashxobod Vengriyaga turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha siyosiy kelishuv imzolagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing