AQSH Trampdan yuz o‘girmoqda. Uning reytingi tushib ketdi
Olam
−
22 aprel 7397 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampni ma’qullash reytingi 42 foizgacha pasaydi. Bu uning Oq uyga qaytganidan beri minimal ko‘rsatkichdir. “Reuters” va Ipsos o‘tkazgan maxsus so‘rov shuni ko‘rsatmoqda.
Ma’lum qilinishicha, respondentlarning 53 foizi Trampning harakatlaridan noroziligini bildirgan.
Tahlilchilar reytingning pasayishini Donald Tramp ma’muriyatining so‘nggi qarorlari, ayniqsa universitetlar bilan bog‘lamoqda. Aprel oyida Tramp ma’muriyati Garvard universitetiga 2,2 mlrd dollar miqdoridagi grantlarni va 60 mln dollar miqdoridagi uzoq muddatli shartnomalarni muzlatib qo‘ygandi.
So‘rovda qatnashgan aholining aksariyati (59 foizi) AQSH jahon maydonida o‘z ta’sirini yo‘qotmoqda, deb hisoblaydi. Ularning to‘rtdan uch qismi Donald Trampning 2028 yilda uchinchi prezidentlik muddatiga nomzodini ilgari surishiga qarshi.
Qatnashuvchilarning ko‘pchiligi (83 foizi) AQSH Prezidenti federal sudlarning qarorlariga bo‘ysunishi kerakligini ta’kidlagan. Ularning 66 foizi Tramp milliy muzeylar va teatrlar kabi yetakchi madaniy muassasalarni nazorat qilmasligi kerakligini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, immigratsiya masalasida respondentlarning 45 foizi Tramp faoliyatini ma’qullagan, 46 foizi esa ma’qullamagan. 16-21 aprel kunlari o‘tkazilgan so‘rov 4,3 mingdan ortiq amerikalikni qamrab olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Garvard universiteti AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ustidan sudga murojaat qilib, universitetga ajratilgan davlat mablag‘larini muzlatish haqidagi qarorni bekor qilishni talab qilgandi.
Live
Barchasi