AQSH tarixidagi eng yirik “haydash”ni rejalashtirmoqda. Gap 200 ming migrant haqida

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakatda boshpana so‘ragan yoki boshpana olish uchun ariza bergan xorijliklarning noimmigratsion vizalarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik departamenti AQSHga qisqa muddatli mehmon sifatida kirib, keyin mamlakatda doimiy qolish maqsadida boshpana so‘ragan xorijliklarni aniqlash va ularning vizalarini bekor qilish bo‘yicha ish olib borayotganini bildirgan.

Departament qancha viza bekor qilinishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan. “Associated Press” ma’lumotlariga ko‘ra, bu chora 200 minggacha xorijlikka taalluqli bo‘lishi mumkin. Agar bu raqam tasdiqlansa, AQSH tarixida bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladigan eng yirik viza bekor qilish jarayoni bo‘ladi.

Gap 2016 yildan 2026 yilgacha berilgan “B1” va “B2” vizalari haqida ketmoqda. Bu vizalar asosan xizmat safari va turizm maqsadida AQSHga borish uchun beriladi. Qayd etilishicha, viza bekor qilinishi avtomatik ravishda darhol deportatsiya qilinishiga olib kelmaydi. Boshpana bo‘yicha ishi hali ko‘rib chiqilayotgan shaxslarning maqomi o‘zgartirilishi, biroq ular xizmat safari yoki turistik maqsaddagi vizalaridan mahrum bo‘lishi mumkin.

AQSH Davlat departamenti shu oy boshida Tramp ma’muriyati xorijliklarga tegishli 175 mingdan ortiq vizani bekor qilganini ma’lum qilgan edi. Tramp ma’muriyati immigratsiyaga qarshi keng qamrovli choralar doirasida vizalar va grin-kartalarni bekor qilish, shuningdek, deportatsiyalarni kuchaytirish siyosatini olib bormoqda.

Ma’muriyat bu choralar ichki xavfsizlikni ta’minlashga qaratilganini ta’kidlab keladi. Huquq himoya tashkilotlari esa immigratsiya siyosati so‘z erkinligi va qonuniy jarayon huquqlarini buzganini, ayniqsa etnik ozchiliklar orasida xavotirlarni kuchaytirganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH federal sudi Prezident Donald Tramp ma’muriyatining O‘zbekiston ham kirgan 75 davlat fuqarolariga immigrant vizalarini berishni to‘xtatib qo‘ygan siyosatini noqonuniy deb topib, bekor qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing