AQSH talabalar vizasi uchun suhbatlarni to‘xtatdi – OAV
Olam
−
28 may 3357 2 daqiqa
AQSH hukumati xorijiy talabalarning viza olishi bilan bog‘liq suhbatlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati xorijlik talabalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali yanada chuqurroq tekshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio imzolagan hujjatga ko‘ra, yangi talab sifatida AQSHda o‘qish istagini bildirgan barcha talabalarni majburiy ijtimoiy tarmoq tekshiruviga jalb etish taklif etilmoqda. Bu amaldagi choralarni sezilarli darajada kengaytiradi.
Yangi tizimga tayyorgarlik sifatida AQSH elchixonalari va konsulliklariga talabalar vizasi uchun yangi suhbatlarni belgilash vaqtincha to‘xtatish buyurilgan. Agar ushbu chora joriy qilinsa, bu AQSH universitetlariga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki ko‘plab oliy o‘quv yurtlari aynan xalqaro talabalarning to‘lovlariga moliyaviy jihatdan katta darajada qaram.
Nashr manbalariga ko‘ra, ilgari ham Bayden ma’muriyati ayrim ijtimoiy tarmoq tekshiruvlarini joriy qilgan edi, biroq bu asosan Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashgan, AQSHga qaytmoqchi bo‘lgan talabalarni qamrab olgan edi.
Hozircha talabalarning ijtimoiy tarmoqlari qanday mezonlar asosida tekshirilishi noma’lum. Biroq hujjatda Trampning terrorizmga va antisemitizmga qarshi kurash haqidagi farmonlari tilga olingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi Garvard universitetini xorijlik talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum qilgan edi. Bunga sabab sifatida Garvardning Xitoy Kommunistik partiyasi bilan hamkorligi, zo‘ravonlikni, antisemitizm va terrorchilikni targ‘ib qilgan talabalarga munosabat bildirmagani ko‘rsatilgan.
Garvard esa bu taqiq qaroriga javoban AQSH ma’muriyatiga qarshi sudga murojaat qildi. Sud esa ushbu taqiqni bloklab qo‘ydi.
Live
Barchasi