AQSH tahdid solayotgan Shimoliy Koreyada bir sutka ichida 800 mingga yaqin yoshlar armiyaga borish istagini bildirdi

Olam

image

24 soat ichida 800 mingga yaqin Shimoliy Koreya yoshlari harbiy xizmatga ko‘ngilli tarzda qo‘shilish uchun ariza berdi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni “Rodong Sinmun” gazetasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, kecha, 17 mart kuni butun mamlakat bo‘ylab atigi bir kun ichida 800 mingga yaqin yoshlar Koreya Xalq armiyasi safiga qo‘shilishni yoki xizmatga qaytishni qat’iy so‘ragan. KXDRning barcha hududlarida bunday ko‘ngillilar soni o‘sishda davom etmoqda. 

“Amerika imperialistlari va ularning sotqin qo‘g‘irchoqlarining yadro urushini qo‘zg‘atishga qaratilgan fitnalari shu qadar chegaraga yetdiki, ularni endi e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi: ular vatanimiz suvereniteti va uning xavfsizlik sohasidagi manfaatlariga qo‘pol ravishda tajovuz qilmoqdalar. Bu fitnalar o‘zining tajovuzkorligi va ko‘lami bo‘yicha misli ko‘rilmagan miqyosda davom etmoqda”, deyiladi gazetada. 

Manbada aytilishicha, partiyaning AQSH bilan “hisob-kitob qilish” bo‘yicha bukilmas irodasini qo‘llab-quvvatlagan yoshlar “Vatanni himoya qilish va dushmanni yengish” uchun shaylangan. Ularning armiyaga qo‘shilishga bo‘lgan g‘ayrati Koreya yarim orolini birlashtirishga va KXDRni yo‘q qilishga urinayotgan urush aqidaparastlarini mag‘lub qilishga intilishlaridan dalolat beradi.  

Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreyadagi muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimiga ko‘ra, barcha erkaklar kamida 10 yil, ayollar esa kamida uch yil harbiy xizmatni o‘tashi kerak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 mart kuni AQSH va Janubiy Koreya harbiylari “Ozodlik qalqoni” deb ataluvchi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagan edi. Bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, 11 kun davom etishi rejalashtirilgan. Bunga javoban Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasini uchirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya armiya Pxen'yan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing