AQSH sudi Google'ni onlayn qidiruv sohasida monopolist deb tan oldi

Texnologiya

image

Google onlayn qidiruv bozorida ustunlikni yaratish uchun federal monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgani aniqlandi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Kolumbiya okrug sudi kompaniya Apple va Samsung’ga o‘z qidiruv tizimini ularning smartfonlari va brauzerlarida standart variantga aylantirishi uchun milliardlab dollar to‘lagan va shu bilan raqobatchilarning imkoniyatlarini cheklagan.

“Guvohlarning ko‘rsatmalari va dalillarini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, taroziga solib, sud quyidagi xulosaga keldi: Google monopolist va u o‘z monopoliyasini saqlab qolish uchun harakat qildi”, deb yozgan okrug sudyasi Amit Mehta.

Sudyaning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya tomonidan Sherman qonunining 2-qismi (bir nechta davlatlar o‘rtasidagi savdo yoki tijoratning biron-bir qismini monopollashtirish yoki monopollashtirishga urinish, boshqa shaxs yoki shaxslar bilan birlashish, til biriktirish noqonuniy hisoblanadi) buzilgan. Sherman – monopoliyaga qarshi qonun bo‘lib, AQSH Kongressi tomonidan trastlar, monopoliyalar va kartellarni taqiqlash uchun qabul qilingan. Uning maqsadi iqtisodiy adolat va raqobatbardoshlikni oshirish hamda davlatlararo savdoni tartibga solishdan iborat.

Adliya departamenti Google ustidan uch yil avval sudga murojaat qilgan. AQSH rasmiylari, xususan, kompaniya cheklovchi va raqobatga qarshi choralar ko‘rish orqali onlayn qidiruv va qidiruv reklama bozorida monopoliyani noqonuniy ushlab turishini da’vo qilmoqda.
Google vakillari sud qaroriga norozilik bildirgan va apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Amerika transmilliy korporatsiyasi – Google Chrome brauzeridan foydalanadigan 136 milliondan ortiq AQSH aholisining shaxsiy ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan milliardlab foydalanuvchi faoliyati qaydlarini o‘chirib tashlashga qaror qilgandi. Gap shundaki, 2020 yil iyun oyida Google'ga qarshi jamoaviy da’vo qo‘zg‘atilgandi. 2023 yil dekabr oyining oxirida da’vogarlar va korporatsiyani himoya qiluvchi advokatlar da’voni hal qilishga yordam beradigan kelishuvga erishilganini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Isroil bilan tuzilgan shartnomadan norozi bo‘lgan 28 nafar xodimini ishdan bo‘shatgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Google Sherman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing