AQSH Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlar boshladi

Olam

image

Bugun, 13 mart kuni Janubiy Koreya va Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Ozodlik qalqoni” qo‘shma mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Ozodlik qalqoni” qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari kompyuter simulyatsiyalariga asoslangan bo‘lib, ularda Shimoliy Koreyaning raketa-yadroviy tahdidini hisobga olgan holda hujumni qaytarish va mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish kampaniyasini o‘tkazish ssenariylari ishlab chiqiladi. Bu yil “Ozodlik qalqoni” tanaffussiz 11 kun – 23 martgacha davom etadi.

“Qo‘shma mashg‘ulotlar mudofaa xarakteriga ega bo‘lib, Koreya Respublikasini Shimoliy Koreya tomonidan ehtimoliy tajovuzdan himoya qilish bo‘yicha operativ rejalarga asoslanadi”, degan Koreya Respublikasi shtab boshliqlari qo‘mitasi.

Bundan tashqari, “Ozodlik qalqoni”ga  parallel ravishda 20 ga yaqin dala mashg‘ulotlari, jumladan, “Jangchi qalqoni” umumiy nomi ostida dengizga qo‘nishni rivojlantirish bo‘yicha mashqlar o‘tkaziladi. Rasmiy Seul esa mart oyining oxirida Amerikaning Nimits toifasidagi yadroviy samolyot tashuvchisi manyovrlarga qo‘shilishi mumkinligini aytgan. 

Manbaga ko‘ra, kecha, 12 mart kuni Shimoliy Koreya suv osti kemasidan ikkita strategik qanotli raketa uchirgan. Pxenyanda AQSH va Janubiy Koreyaning harbiy mashg‘ulotlari KXDR bilan urushga tayyorgarlik deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shimoliy Koreya o‘z sinov raketalarini urib tushirishga qaratilgan har qanday harakatni urush e’lon qilinishi deb baholanishini aytgan hamda AQSH va Janubiy Koreyani qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, keskinlikni kuchaytirishda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Janubiy Koreya Shimoliy Koreya Ozodlik qalqoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing