AQSH senatori O‘zbekiston bilan aloqalarni cheklaydigan qonunni o‘zgartirishga chaqirdi
Olam
−
31 iyul 2023
13264AQSH Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasi a’zosi, Konnektikut shtatidan saylangan senator Kris Myorfi Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda u “The Diplomat” nashrida chop etilgan maqolasida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Markaziy Osiyoga qo‘shni bo‘lgan Rossiya va Xitoy Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston kabi davlatlarga katta ta’sir o‘tkazayotgan bir paytda AQSH uzoq vaqtdan beri chetda turgan.
“Lekin biz bu ta’sir chegaralarini ko‘rishimiz mumkin. Chunki, Xitoyning rivojlanayotgan davlatlarga kiritayotgan sarmoyalari ko‘pincha ularning suvereniteti uchun xavfligidan xabardor Markaziy Osiyo hukumatlari Xitoyga qaramlikdan ehtiyot bo‘ladi. Boshqa tarafdan esa Rossiyaning xalqaro mavqei keskin pasaygan. AQSH bu imkoniyatlar fonida ekspluatatsiyaga emas, balki hamkorlikka asoslangan strategik muqobilni taklif qilishi kerak”, deydi senator.
Myorfiga ko‘ra, AQSHning yo‘liga anaxronistik qonun to‘sqinlik qilmoqda. 1974 yilda Qo‘shma Shtatlar sovet yahudiylari va boshqa ozchilik guruhlari uchun emigratsiya huquqlarini cheklagan mamlakatlar bilan AQSHning to‘liq savdo aloqalarini rad etuvchi “Jekson-Venik” tuzatishini qabul qilgan.
“Bu Sovet Ittifoqini ta’qibga uchragan guruhlarga, jumladan, Markaziy Osiyodagi guruhlarga nisbatan munosabatni yaxshilashga majburlash uchun foydali vosita edi. 50 yil o‘tib, Sovet Ittifoqi allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan, ammo Sovuq urush davridagi bu qoldiq bizning Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan munosabatlarimizni cheklashda davom etmoqda”, deydi Kris Myorfi.
Aytilishicha, SSSR parchalanganidan beri AQSH Prezidentlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan munosabatlarda “Jekson-Venik”dagi emigratsiya qoidalariga rioya qilishini bir necha bor tasdiqlagan. So‘nggi bir necha o‘n yilliklarda Kongress ko‘plab sobiq Sovet davlatlarini, shu jumladan Rossiyani ham normal savdo maqomiga o‘tkazish uchun qonunlar qabul qilgan. Ammo Markaziy Osiyoning ba’zi davlatlari bilan 1970 yillardagi yo‘nalishda qotib qolingan.
Senator Kris Myorfi uchala davlat ham Isroil bilan ijobiy diplomatik munosabatlarga ega ekani, hech bir davlat antisemitizm bilan shug‘ullanmasligi va yahudiy fuqarolar uchun emigratsiya erkinligi mavjudligiga e’tibor qaratgan. Aytilishicha, yuqoridagilarni hisobga olgan holda “Jekson-Venik”ning dastlabki qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarga rahbarlik qilgan Yevroosiyo yahudiylarini qo‘llab-quvvatlovchi milliy koalitsiya Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonga doimiy normal savdo aloqalari (PNTR) maqomi berilishi kerakligiga rozi bo‘lgan.
Shuningdek, AQSH senatori mintaqaning strategik joylashuvidan tashqari, uglevodorodlar va noyob yer minerallari kabi muhim resurslarga boy ekanini urg‘ulagan.
“Qo‘shma Shtatlar muhim minerallar uchun poygaga kechikdi. Ammo Bayden ma’muriyati ta’minot zanjirlarini kengaytirish uchun jiddiy harakatlar qildi. Yillik yalpi ichki mahsuloti 280 milliard dollarga teng bo‘lgan ushbu mamlakatlarga PNTR’ni berish AQSH bizneslariga uning bozorlariga samarali kirib borish imkonini beradi. Savdo va investitsiyalarni rag‘batlantiradi va o‘sish uchun imkoniyatlar yaratadi. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishi, ish o‘rinlari yaratishi va aholisining turmush darajasini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, Rossiya va Xitoyga iqtisodiy qaramlikni kamaytiradi”, deydi senator.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston Qo‘shma Shtatlar bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lgunga qadar inson huquqlari va siyosiy erkinliklarini ilgari surish bo‘yicha ko‘proq ish qilishi kerakligiga shubha yo‘q. Biroq PNTR maqomini berish Qo‘shma Shtatlarga bu masalalarni hal qilish uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.
Ukrainaga bosqin sababli Rossiyaning ta’siri pasayishi va davlatlar Xitoydan ehtiyot bo‘layotgani sababli, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo bilan munosabatlarimizni qayta belgilash imkoniyatiga (va majburiyatiga) ega. Kongress Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonga PNTR maqomini berish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qabul qilish orqali mintaqadagi strategik va iqtisodiy manfaatlarimizni ilgari surish uchun shu daqiqadan unumli foydalanishi, bu mamlakatlarni “Jekson-Venik” qonuni bilan qo‘yilgan eskirgan cheklovlardan xalos qilishi kerak”, deyiladi maqolada.
LiveBarchasi