AQSH Senati Ukrainasiz Isroilga yordam berishni blokladi
Olam
−
08 noyabr 2023
7818Xabaringiz bor, AQSH Kongressi Vakillar palatasi respublikachilarning Isroilga 14,3 milliard dollarlik yordam ko‘rsatish rejasini ma’qullagandi. Ammo mamlakat Senati Ukrainaga bir vaqtning o‘zida yordam ko‘rsatmasdan ajratilayotgan mablag‘ haqidagi qonun loyihasini blokladi.
Agar Senat qonun loyihasini ma’qullaganida, u AQSH Prezidenti Jo Baydenga imzolash uchun taqdim etilgan bo‘lardi. Biroq Oq uy Bayden ikki palatada ovoz berishdan o‘tib, yakunlangan taqdirda ham hujjatga veto qo‘yishi va imzolashdan bosh tortishi haqida oldindan ogohlantirgan.
Vakillar palatasi respublikachilar tomonidan 30 oktyabrda ilk bor taqdim etilgan qonun loyihasi Vakillar palatasi yangi spikeri Mayk Jonson davridagi birinchi yirik qonunchilik tashabbusi hisoblanadi.
Uning mohiyati faqat Isroilga yordam ko‘rsatish, jumladan, Isroilning “Temir gumbaz” va boshqa havo mudofaa tizimlarini sotib olish uchun 4 milliard dollar, shuningdek, “Temir nur” tizimini rivojlantirish uchun 1,2 milliard dollar ajratishdir.
Qonun loyihasi kiritilgach, u AQSH senatorlari tomonidan tanqid qilindi.
31 oktyabr kuni Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnel qonun loyihasiga to‘rtta hudud – Ukraina, Isroil, Tayvan va AQSHning Meksika bilan chegarasiga tegishli choralarni kiritish zarurligini ta’kidlagan. O‘z navbatida, Senatdagi Demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer Vakillar palatasida taqdim etilgan qonun loyihasini bema’ni taklif deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, Amerika ma’muriyati 1 oktyabrda boshlangan yangi moliya yilida xavfsizlik uchun mamlakat byudjetidan deyarli 105 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratmoqchi. Ushbu summaning yarmidan ko‘pi Ukraina va unga tegishli Amerika dasturlari uchun sarflanishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi