AQSH Senati Xitoyni tiyib turish uchun 4,83 milliard dollar ajratmoqchi
Olam
−
05 fevral
4743AQSH Senati tomonidan ma’qullangan paketli kelishuvlar Hind-Tinch okeani mintaqasidagi sheriklarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, "Xitoy agressiyasini oldini olish” uchun 4,83 milliard dollar ajratishni nazarda tutadi. Bu haqda Kongressning yuqori palatasi tomonidan tayyorlangan tegishli qonun loyihasi matnida so‘z boradi. Hujjat kecha, 4 fevral kuni Senatning mablag‘lar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Pet Myurrey tomonidan e’lon qilindi.
Hujjatda keltirilishicha, AQSHning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy mintaqaviy sheriklarini qo‘llab-quvvatlash va Xitoy hukumati agressiyasining oldini olish uchun 4,83 milliard dollar ajratilgan. Shu tariqa senatorlar Hind-Tinch okeani mintaqasidagi eng muhim hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard dollar sarflashni taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, senatorlar qonun loyihasiga AQSH va uning Hind-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarining imkoniyatlarini kuchaytirish uchun 2,58 milliard dollar kiritgan. Shu bilan birga, 1,9 milliard dollar AQSH harbiy-sanoat majmuasiga Amerika tomonidan Tayvanga yetkazib beriladigan qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish uchun yo‘naltiriladi. Hujjatda qayd etilishicha, harbiy-sanoat majmuasiga “qanotli raketalarning muhim qismlarini ishlab chiqarish uchun” 133 million dollar ham beriladi.
Vakillar palatasida Oq uy ishtirokida senatorlar tomonidan kelishilgan qonun loyihasi taqdiri noaniq. Tahlilchilar Kongress quyi palatasida ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan AQSHning muxolif Respublikachilar partiyasi kongressmenlari qonun loyihasini hozirgi shaklda qo‘llab-quvvatlamasligini istisno etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Senatning mazkur hujjatida AQSH-Meksika chegarasi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha taqdim etilgan paketli bitimlarda 20,23 milliard dollar ajratish ko‘zda tutilgandi.
LiveBarchasi