AQSH Senati Eron bilan urushni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyani rad etdi
Olam
−
16 aprel 5342 2 daqiqa
AQSH Senati Erondagi harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazarda tutgan rezolyutsiyani qabul qilmadi. Hujjatga ko‘ra, Kongress rasman ruxsat bermaguncha urushni davom ettirish taqiqlanishi kerak edi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Rezolyutsiyani 47 senator qo‘llab-quvvatlagan, 52 nafari qarshi chiqqan, yana bir senator ovoz berishda qatnashmagan. Hujjat Demokratlar partiyasi vakillari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu yil ichida ilgari surilgan to‘rtinchi shunday tashabbus hisoblanadi. Barchasi Senatda rad etilgan, chunki ko‘pchilik o‘rinlar Respublikachilar partiyasi nazoratida.
Respublikachilar orasida faqat Rend Pol (Kentukki) rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan. Demokratlardan esa, Jon Fetterman (Pensilvaniya) qarshi ovoz bergan.
AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra, urush e’lon qilish huquqi Kongressga tegishli. Biroq ko‘plab amerikalik siyosatchilar bu qoida qisqa muddatli harbiy amaliyotlarga yoki mamlakatga bevosita tahdid mavjud bo‘lgan holatlarga to‘liq taalluqli emas, deb hisoblaydi.
Joriy yilning mart oyi boshida Kongress AQSHning har ikki palatasi – Vakillar palatasi va Senat Donald Trampga Eronga qarshi operatsiyani Kongress roziligisiz olib borishni taqiqlashga qaratilgan rezolyutsiyani ham rad etgan edi. O‘shanda 53 senator va Vakillar palatasining 219 a’zosi hujjatga qarshi ovoz bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp yaqin ikki kun ichida Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, uchrashuv Pokistonda bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori, chunki bu jarayonda Pokiston vositachilik qilmoqda.