AQSH Saudiya Arabistoniga 750 million dollarlik bomba yuboradi – WSJ
Olam
−
14 avgust
3872AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoniga yaqin oylarda 750 million dollarlik bomba jo‘natishga tayyorlanyapti. Bu haqda kecha, 13 avgust kuni “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, bu AQSH-Saudiya Arabistoni munosabatlarida sezilarli o‘zgarishlardan darak beradi. Gazetaning har ikki davlat rasmiylariga tayanib yozishicha, Qo‘shma Shtatlar Saudiya Arabistoniga 3000 dona GBU-39 boshqariladigan bomba va 7500 dona Paveway IV bombasini yetkazib beradi. Ta’kidlash joizki, 3000 ta kichik diametrli bomba va 7500 ta Paveway IV bombasini o‘z ichiga olgan yuklarni tashish Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Yamandagi amaliyotlar oqibatida tinch aholi orasidagi qurbonlar sonining yuqori bo‘lishi haqidagi xavotirlar tufayli 2021 yilda Prezident Bayden tomonidan to‘xtatilgan edi. WSJ’ga ko‘ra, ushbu yuklarni qayta tiklash qarori Oq uyning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tartibini ilgari surish hamda Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasida potensial kelishuvga ko‘maklashish maqsadida Ar-Riyod bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini aks ettiradi.
“Bu Vashington va Ar-Riyod o‘rtasidagi jiddiy taranglikni bartaraf etishga yordam beradi”, deyilgan xabarda.
Bu harakat ikki xalq o‘rtasidagi yillar davomida taranglashgan munosabatlardan so‘ng amalga oshirilgan. Avvaliga mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli va jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi tufayli Saudiya Arabistoniga nafrat uyg‘otadigan davlat sifatida munosabatda bo‘lishga va’da bergan Bayden, 2022 yilda Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifidan so‘ng o‘z pozitsiyasini asta-sekin yumshatdi. Qoshiqchi 2018 yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistoni agentlari tomonidan Istanbuldagi Saudiya konsulligida o‘ldirilgan. Uning jasadi bir necha qismga bo‘lib tashlangan edi.
“Saudiyaliklar buni AQSH bilan munosabatlardagi strategik dog‘ni bartaraf etish sifatida ko‘radi”, degan Pentagonning sobiq yuqori lavozimli amaldori Dana Stroul.
Qaror, shuningdek, Saudiya Arabistonining mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorligi, jumladan, Isroil bilan uzoq muddatli normallashtirish bo‘yicha muhokamalarga ochiqligi uchun mukofot sifatida ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Saudiya Arabistoni bilan Jamol Qoshiqchi o‘ldirilishi ortidan yomonlashgan munosabatlarni Rossiya sabab qayta tiklamoqchiligi xabar qilingandi. 2023 yilning dekabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari Saudiya armiyasining jangovar tayyorgarligi uchun 1 milliard dollar ajratishga qaror qildi.
LiveBarchasi