AQSH Rossiyani yomonotliq qilish orqali Yevropaga o‘z gazini sotishga urinmoqda – Jyuven

Olam

image

AQSH va Buyuk Britaniyaning Ukraina inqirozini hal qilishdagi harakatlari aslida Yevropa Ittifoqini bo‘ysundirishga qaratilgan. Bu haqda Fransiya parlamenti deputati, Yevroparlamentning xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Erve Jyuven aytib o‘tgan

“Haqiqiy qiyinchilik Ukraina emas. AQSH va Buyuk Britaniya uchun asosiy muammo YeIni o‘ziga bo‘ysundirish va ittifoq davlatlari tomonidan mustaqillikka bo‘lgan har qanday irodani yo‘q qilishdir. O‘ylashimcha, britaniyaliklar Yevropa Ittifoqidan qasos olish uchun ajoyib imkoniyatdan foydalanishga harakat qilmoqda”, deya ta’kidlagan Jyuven. 

Shuningndek, Jyuven Vashington “urush chiqaruvchi” rolini o‘ynab, “birov orqali urush olib borishni” afzal ko‘rishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Yevropa Ittifoqini AQSHning suyultirilgan gazini sotib olishga majburlamoqchi, bu esa Rossiya tabiiy gazidan ancha qimmatroq va ekologik jihatdan havfsiz emas.

Aytish joizki, Rossiya Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR) mustaqilligini tan olganidan keyin, Germaniya kansleri Shols “Shimoliy oqim – 2” gaz quvurini sertifikatlash jarayonini to‘xtatish haqida buyruq berdi

AQSH ma’muriyati esa Germaniya bilan hamkorlikda Rossiyaning “Shimoliy oqim – 2” gaz quvuri ishga tushirilmasligi uchun harakat boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Rossiya iqtisodiyoti ham Putinning qaroridan larzaga keldi. Gap shundaki, rus birjalarida keskin pasayish kuzatildi. Mamlakat iqtisodi uchun tirgak bo‘luvchi kompaniyalar aksiyalari "quladi".

Shuningdek, Vashington Rossiyaning o‘ziga ham sanksiya kiritdi. Cheklovlar davlat suveren qarzi va banklariga taalluqli bo‘ldi. Uning ortidan Yevropa Ittifoqi, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yaponiya ham Moskvaga qarshi iqtisodiy cheklovlar joriy qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

496

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing