AQSH Rossiyani terrorchi davlatlar ro‘yxatiga kiritmoqchi
Olam
−
21 iyun
4161AQSH senatorlari Rossiya Federatsiyasini terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish haqidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda mamlakat Senati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 20 iyun kuni senatorlar Lindsi Grem (respublikachi) va Richard Blumental (demokrat) ushbu qonun loyihasida Rossiyani Suriya bilan tenglashtirishni taklif qilgan. Bu esa Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olishni anglatadi. Hozirda AQSH qonunchiligiga ko‘ra, terrorizm homiylari sifatida tan olingan davlatlar Kuba, Eron, Shimoliy Koreya va Suriya bo‘lib, hukumat ularni xalqaro terrorizm aktlarini qayta-qayta qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb biladi. Endi ular qatoriga Rossiya ham qo‘shilishi mumkin.
“Men Amerika qonunchiligiga asosan Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihamizga ovoz berishni intiqlik bilan kutyapman. Birinchi navbatda, bu Qo‘shma Shtatlarda Putinning vahshiy xatti-harakatlari uchun jazolash vositalarini sezilarli darajada oshiradi. Rossiya Prezidentining Ukraina va butun Afrika hamda dunyo bo‘ylab olib borayotgan buzg‘unchi harakatlari uning terrorizm homiysi ekanini bildiradi”, degan respublikachi senator Lindsi Grem.
Shuningdek, senator Rossiya o‘z o‘rnini yakkalangan davlatlar orasida topganini qo‘shimcha qilgan. O‘z navbatida, Demokratlar partiyasi senatori Richard Blumental hamkasbining so‘zlarini tasdiqlagan.
“Putinning Ukrainaga asossiz bostirib kirishi son-sanoqsiz vahshiylik va insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lib, ko‘plab begunoh fuqarolarga dahshat va o‘lim olib keldi. Putin qayta-qayta qiynoq va qotilliklarni sodir etmoqda. Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida belgilash AQSHga yanada kuchliroq harakat qilish imkonini beradi. Putinning vahshiyligi, uning erkinlik va demokratiyaga tahdidiga siz ham qarshi turing”, degan Blumental.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina va Qo‘shma Shtatlar Italiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida 10 yillik ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzolagandi. Shuningdek, AQSH Moliya vaziri Janet Yellen Rossiyaning muzlatilgan aktivlari Ukrainaga berilishi “o‘g‘rilik” emasligini aytgandi.
LiveBarchasi