AQSH Rossiyaga yana sanksiya kiritmoqchi. Bu safar ruslarni nima kutyapti?

Olam

image

AQSH ma’muriyati Rossiyaning "Mir" to‘lov tizimiga qarshi sanksiyalar qo‘llash va Rossiya Federatsiyasidan ko‘proq banklarni xalqaro banklararo xabar almashish tizimi (SWIFT)dan uzib qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganmoqda va sanksiyalar moliya institutlariga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Bu haqda bugun, 28 sentyabr kuni kechqurun “The Wall Street Journal” manbalarga tayanib xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar “mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim” moliyaviy institutlarga, jumladan, Omonatlarni sug‘urtalash agentligiga, Hisob-kitoblar milliy depozitariysiga va Milliy kliring markaziga, shuningdek, “Mir” to‘lov tizimiga ta’sir qilishi mumkin. AQSH rasmiylarining nashrga aytishicha, Vashington Moskva ulardan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun foydalanayotganiga amin. 

Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, eksport nazoratini Rossiyadan "iqtisod faoliyati uchun muhim" tovarlarning kengroq ro‘yxatiga kengaytirishni maqsad qilgan. Nashrning ta’kidlashicha, cheklovlar ko‘proq davlat kompaniyalariga ham ta’sir qilishi mumkin. 

Gazetaning suhbatdoshlari Rossiya Federatsiyasiga qarshi qanday sanksiyalar qo‘llanilishi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ta’kidlamoqda. 

“Yakuniy qarorni qabul qilishda Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishi, shuningdek, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojening Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha referendumlar o‘tkazilishi munosabati bilan Ukrainadagi vaziyat inobatga olinadi”, deb yozadi gazeta. 

“Bloomberg” agentligining 23 sentyabr kuni xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ishlab chiqishda davom etmoqda. Bir qancha davlatlar, jumladan Irlandiya, Latviya, Litva, Polsha va Estoniya Rossiya energetika resurslariga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish tarafdori. Takliflar orasida Rossiya Federatsiyasidan boshqa banklarni, jumladan Gazprombankni ham SWIFT’dan uzish ham bor edi. Shuningdek, Rossiyaga dollar pullarini o‘tkazishni taqiqlash va kriptovalyuta aktivlari bilan operatsiyalarni nazorat qilish choralarini kuchaytirish taklif qilinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

228

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing