AQSH Rossiyaga hamdardlik bildirdi

Olam

image

AQSH ma’muriyati sobiq Sovet Ittifoqining so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. 

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken yozma bayonotida shunday deydi: 

“Oshkoralik siyosatidan boshqa hech qanday so‘z Gorbachyovni yaxshiroq tasvirlay olmaydi. Bu so‘z o‘zining ochiq pozitsiyasi bilan insoniyat tarixining yo‘nalishini o‘zgartirgan odamga mos keladi”. 

Ta’ziya matnida Gorbachyov o‘zining g‘alabasini ham, mag‘lubiyatini ham ochiqdan-ochiq e’lon qilgan yetakchi ekanligi ta’kidlanadi. 

“U dissidentlarning qarashlari uchun joy ochdi va quvg‘inda yoki qamoqxonada yillar o‘tkazgan dissidentlarni ozod qildi. U boshqa davlatlar, jumladan, AQSH kabi dushman davlatlar bilan aloqalarga ochiq edi”, deb yozgan Entoni Blinken. 

Davlat kotibining qayd etishicha, Sovuq urushning tugashi, Berlin devorining vayron qilinishi, AQSH va Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi (SSSR) o‘rtasida yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha birinchi kelishuvning imzolanishi kabi qadamlar Gorbachyovning qat’iyatisiz tashlanishi mumkin emas edi.  

AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Mixail Gorbachyovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Mixail Gorbachyov 1931 yil 2 martda tug‘ilgan. U 1990 yil 15 martdan 1991 yil 25 dekabrgacha SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti bo‘lgan. Bundan tashqari, u Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining oxirgi Bosh kotibi va SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining raisi lavozimlarida ishlagan.

Gorbachyov 1991 yil 25 dekabrda SSSR prezidenti lavozimidan iste’foga chiqdi, shu bilan birga Sovet Ittifoqi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Gorbachyov jamg‘armasida saqlanadigan mehnat daftarchasida uning davlat rahbari lavozimini tark etgani haqida hech qanday qayd yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Mixail Gorbachyov 30 avgust kuni kechqurun og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Mixail Gorbachyov

Baholaganlar

1012

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing