AQSH Rossiya qurollari tufayli Turkiyaga qarshi sanksiya kiritdi
Olam
−
15 dekabr 2020
7251Amerika Qo‘shma Shtatlari Turkiya Rossiyaning S-400 zenit-raketa to‘plamlariyb sotib olgani uchun mamlakatning Mudofaa sanoati boshqarmasi va uning rahbari Ismoil Demirga sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo ma’lum qildi.
“Ogohlantirishlarimizga qaramay, Turkiya Rossiyadan S-400 to‘plamlarini sotib olish va sinovdan o‘tkazishda davom etdi. Biz Rossiya mudofaa sektori bilan imzolanayotgan yirik bitimlarga toqat qilolmaymiz”, deydi u.
Sanksiyalar qatoriga Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasi uchun litsenziya va eksportga ruxsatnomalar berishni taqiqlash, shuningdek, Demir va boshqa amaldorlarning AQSHdagi aktivlarini muzlatilishi kiradi.
Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bir necha bor Turkiyani S-400 to‘plamlarining sotib olinishi AQSH harbiy kuchlari va texnikasi xavfsizligiga putur yetkazishi, Rossiya mudofaa sektoriga katta mablag‘lar taqdim qilishi hamda Rossiyaning Turkiya qurolli kuchlari hamda uning mudofaa sanoatiga kirib borishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
Pompeoning qo‘shimcha qilishicha, endi Turkiya AQSH bilan kelishgan holda S-400 masalasini zudlik bilan hal qilishi kerak. Uning bayonoti AQSH Davlat departamenti saytida e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, Turkiya Mudofaa sanoati boshqarmasi harbiy texnika sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzadigan hukumat idorasidir. Qo‘shma Shtatlar Turkiya rasmiylarini CAATSA sanksiyalari ro‘yxatiga qo‘shdi. Lekin, Vashington Turkiyaning Mudofaa vazirligini AQSHning eng qattiq bloklangan sanksiyalar ro‘yxatiga, SDN’ga kiritmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Turkiya S-400 yetkazib berish bo‘yicha 2017 yilda shartnoma tuzgan. ZRMlarning dastlabki qismlari 2019 yil iyulda yetkazib berildi. Noyabrda Rossiya muddatidan avval Turkiyaga 2,5 mlrd dollarlik to‘rtta S-400 divizionini yetkazib berdi. Rasmiy Vashington Turkiyaning bu harakatini qoralab, uni F-35 qiruvchi samolyotlari yetkazib berish dasturidan chiqarib yuborgandi.
Joriy yilning mart oyi boshida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyadan olingan S-400 ZRMlar aprelda foydalanishga topshirilini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi