AQSH Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklashdan bosh tortdi
Olam
−
17 aprel 5847 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash haqidagi taklifini rad etdi. AQSH ushbu masalani muhokama qilishdan oldin Ukrainadagi urushda sulhga erishish lozim, degan pozitsiyani bildirgan. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov “Rossiya 1” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Amerikaliklar hozircha Ukrainadagi yo‘nalishda biror siljish bo‘lishi kerak, degan fikrda. Shundagina aviaqatnovlar haqida gapirish mumkin bo‘ladi. Menimcha, bu mantiqan hal etilishi mumkin bo‘lgan masala edi”, deydi Ushakov.
U, shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi telefon suhbati masalasida ham hozircha biror ijobiy o‘zgarish yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.
“Bu masala haqida so‘z bormoqda, lekin hali hech qanday kelishuvga erishilgani yo‘q”, dedi u.
Ma’lumot uchun, Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiya aviakompaniyalari uchun o‘z havo hududlarini yopgan edi. Bunga javoban Moskva ham 36 ta davlat aviakompaniyalariga nisbatan xuddi shunday taqiq joriy qilgan va parvozlar uchun “Rosaviatsiya” yoki Tashqi ishlar vazirligining maxsus ruxsatini talab qilmoqda.
Rossiya ilk bor AQSHga aviaqatnovlarni tiklashni joriy yilning 27 fevral kuni Istanbulda o‘tgan muzokaralarda taklif qilgan. Ushbu masala aprel oyining boshida ham muhokama etilgan. O‘shanda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev Vashingtonga safar qilgan edi.
“To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha faol ish olib borilmoqda”, degan edi u muzokaralardan so‘ng.
27 mart kuni Rossiyaning AQSHdagi yangi elchisi Aleksandr Darchiyev ushbu masalani o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e’lon qilib, aviaqatnovlarni tiklash va viza tartiblarini soddalashtirish ustida ishlayotganini aytgan. U amaliy ishlar boshlangani va bu yo‘nalishda “yaxshi sur’at” mavjudligini ta’kidlagan.
Biroq Dmitriyevning tashrifidan ko‘p o‘tmay AQSH Davlat departamenti rahbari Marko Rubio bu borada hech qanday rejalar haqida xabari yo‘qligini aytib chiqdi.
“Rossiya va AQSH o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarga qaytish haqida hech narsa eshitmadim. Qolaversa, sanksiyalar ostidagi ruslar bunchalik ko‘p bo‘lganida, u reyslarda kim uchadi o‘zi?” deya hazillashgan u.
Live
Barchasi