AQSH “Putinning oshpazi”ga tegishli “Vagner”ni terrorchiga chiqarmoqchi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasini terrorchi tashkilot deb belgilash kerak yoki yo‘qligini ko‘rib chiqmoqda. AQSH ushbu tashkilotning Afrika va Ukrainadagi harbiy harakatlarini to‘xtatishni maqsad qilmoqda. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Vagner”ni terrorchi tashkilot sifatida e’tirof etish borasida yakuniy qaror chiqarilmagan. Hozircha muhokamalar davom etmoqda. Harbiy tashkilotni terrorchi deb nomlash AQSHga uning a’zolari va aktivlarini ta’qib qilish imkoniyatini beradi.

Rossiya joriy yilning 24 fevralida Ukraina yerlariga bostirib kirgach, “Vagner” harbiy harakatlarda juda faol ishtirok etdi. Guruhning rahbari Yevgeniy Prigojin Ukrainadagi urushning tarafdori va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning asosiy ittifoqchisiga aylandi. Prigojin “Putinning oshpazi” sifatida tanilgan. Sababi uning asosiy faoliyati restoran biznesi bo‘lgan. U Prezident Vladimir Putin ishtirokidagi kechki ovqatlarni tashkillashtirgan.

AQSH Davlat departamentining vakili “Vagner” borasidagi munozaralarni tasdiqlashdan bosh tortgan. Biroq AQSH Rossiyaning Ukrainaga urushida aybdorlarni javobgarlikka tortishda davom etadi. Rossiya hukumati o‘tmishda “Vagner” bilan har qanday aloqasini rad etgan.

Prigojin va “Vagner” allaqachon AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalangan. Biroq guruh kuch va ta’sirga ega bo‘lishda davom etmoqda.

“Putinning oshpazi” uzoq vaqt davomida xususiy harbiy tashkilotga asos solganidan bosh tortib kelgan. Nihoyat, joriy yilning sentyabr oyida Prigojin birinchi marta “Vagner”ga asos solganini tan oldi. Uning ta’kidlashicha, guruh Suriya, Lotin Amerikasi va Afrikadagi harbiy harakatlarda faol bo‘lgan. Prigojin “Vagner”ni vatanning ustuni deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

“Vagner” Evgeniy Prigojin

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing