AQSH osmonida yana noma’lum jism paydo bo‘ldi. Bu ham Xitoyning ishimi?
Olam
−
11 fevral 2023
14509Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylari mamlakat bo‘ylab uchib o‘tgan Xitoy sharini urib tushirganidan bir hafta o‘tmasdan, Alyaska ustida yana noma’lum uchar jism aniqlandi. Kecha, 10 fevral kuni F-22 qiruvchi samolyoti bu ob’ektni ham urib tushirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ob’ektni Pentagon birinchi marta 9 fevral kuni yer radarlari yordamida aniqlagan. Keyin uni tekshirish uchun F-35 samolyotlari yuborilgan. Jism taxminan 40 000 fut (12 190 metr) balandlikda shimoli-sharqiy yo‘nalishda uchib yurgan va bu fuqarolik havo harakati uchun xavf tug‘dirgan. Ob’ekt Alyaskaning shimoli-sharqida, Kanada chegarasi yaqinidagi muzlagan AQSH hududiy suvlari ustida urib tushirilgan.
Shuningdek, kattaligi kichik mashinaga teng bo‘lgan mazkur uchar jismning kimga tegishli ekani va uning parvozi qayerdan boshlangani hozircha aniq emas. Pentagon va Oq uy ma’muriyati ham ob’ekt haqida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan. Faqatgina uni Xitoy sharidan ancha kichik ekanini aytgan.
“Biz istalgan vaqtda biror narsani aniqlasak, birinchi navbatda uni tekshiramiz. Keyin qaror qabul qilamiz va ma’qul harakatni amalga oshiramiz. Har bir holatda alohida yechimlar qabul qilamiz. Bu holatda esa jism fuqaro qatnovi tizimiga xavf tug‘dirayotgan edi. Shuning uchun ham Prezident uni urib tushirishni buyurdi va biz buni qildik”, degan Pentagon matbuot kotibi general Patrik Rayder.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 fevral kuni Pentagon Montano shtatining Billings shahri ustida Xitoyga tegishli havo shari kuzatilganini, shardan razvedka maqsadida foydalanilganini aytgandi. Biroq Xitoy tarafi bu shar ilmiy maqsadlarda ishlatilgani, shamol tufayli yo‘nalishini o‘zgartirganini aytib, AQSHni provokatsion harakatlarda ayblagan edi. Amerika esa bunga ishonmay, havo sharini urib tushirgan va uni tekshirib, razvedka maqsadida foydalanilganini ma’lum qilgan edi. Biroq Xitoy AQSHning ayblovlarini rad etib, sharga nisbatan kuch ishlatilgani uchun AQSH javob berishini aytgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi